Qozogʻiston xitoylik kriptovalyuta mayningchilarining ommaviy migratsiyasi fonida atom elektr stansiyasi qurishni rejalashtirmoqda, deb yozadi “Vedemosti”.
Bu haqda mamlakat energetika vaziri Magʻzum Mirzagaliyev maʼlum qilgan.
“Aholimiz va iqtisodiyotimizni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun atom elektr stansiyasini qurish zarurligini yaqqol koʻrib turibmiz” , — dedi Mirzagaliyev.
Qozogʻiston dekarbonizatsiyaga intilmoqda, ammo hozirgacha elektr stansiyalarining 70 foizi koʻmirda ishlaydi. Vazirning soʻzlariga koʻra, atom elektr stansiyasi mamlakatning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qoplay oladi, biroq uning qurilishi 10 yilgacha davom etadi.
Mirzagaliyevning aytishicha, Ulken qishlogʻida atom elektr stansiyasi qurilishi mumkin, chunki u yerdan “Shimol-Janub” elektr uzatish liniyasi oʻtadi. Aholi punkti asosiy energiya isteʼmolchilari yonida joylashgan.
Financial Times gazetasining 2021 yil noyabr oyi uchun maʼlumotlariga koʻra, Xitoydan Qozogʻistonga deyarli 88 mingta mayning qurilmalari joʻnatilgan.
Qozogʻiston kriptovalyutalarni qazib olish boʻyicha mamlakatlar reytingida ikkinchi oʻrinni egalladi (birinchi oʻrinda AQSH).
Avvalroq Xitoydan kriptomaynerlarning koʻchishi tufayli Qozogʻistonda energiya isteʼmoli keskin oʻsgani, mahalliy elektr stansiyalari yuklanishlarni koʻtarishdan toʻxtagani haqida xabar berilgandi.


