Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi tomonidan 1–26 dekabr kunlari Qoʻyliq va Chorsu dehqon bozorlarida asosiy isteʼmol tovarlarining ulgurji narxlari boʻyicha kuzatuv natijalari eʼlon qilinib borildi. Vazirlik asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi va goʻsht mahsulotlarining ulgurji narxlari oʻzgarishi yuzasidan tahliliy maʼlumot berdi.
Arzonlagan mahsulotlar
Ushbu davr mobaynida bozorda uzum (rizamat) 10 ming soʻmga, apelsin 9500 soʻmga, mandarin 5000 soʻmga, limon 2500 soʻmga, olma va sarimsoq piyoz 1500 soʻmga, sariq sabzi 1350 soʻmga, qizil sabzi 1100 soʻmga, loviya 1000 soʻmga va kartoshka 75 soʻmga arzonlagan.
Qimmatlagan mahsulotlar
Bozorlarda baqlajon 14 ming 250 soʻmga, qizil bulgʻor qalampiri 8500 soʻmga, yashil bulgʻor qalampiri 8250 soʻmga, mahalliy nok 9000 soʻmga, import nok 5500 soʻmga, bodring 7125 soʻmga, pomidor 750 soʻmga, noʻxat 1500 va guruch (alanga) 250 soʻmga oshgan.
Bozorlarga eng koʻp keltirilgan mahsulotlar
Tezkor maʼlumotlarga asosan, Qoʻyliq bozoriga 1–26 dekabr kunlari hududlardan jami 17,2 ming tonna mahsulot, xususan, 9,7 ming tonna kartoshka, 5,2 ming tonna piyoz, 829 tonna karam va 1,5 ming tonna sabzi keltirilgan.
Shundan, Toshkent viloyatidan 591 tonna kartoshka, 976 tonna piyoz, 829 tonna karam, 662 tonna sabzi, Samarqand viloyatidan 328 tonna kartoshka, 2185 tonna piyoz, Jizzax viloyatidan 2005 tonna piyoz, Qashqadaryo viloyatidan 299 tonna, Surxondaryo viloyatidan 376 tonna va Sirdaryo viloyatidan 197 tonna sabzi mahsulotlari yetkazib berilgan.
Shuningdek, Qoʻyliq bozoriga Qozogʻistondan 2988 tonna, Qirgʻizistondan 486 tonna, Afgʻonistondan 2823 tonna va Erondan 2473 tonna kartoshka keltirilgan.
Shu bilan birga, hududlardan Chorsu dehqon bozoriga 1–26 dekabr kunlari jami 324,7 tonna, shu jumladan 274,1 tonna mol goʻshti va 50,6 tonna qoʻy goʻshti keltirib sotilgan.
Avvalroq Oʻzbekiston tovar-xom ashyo birjasida benzin va shakarning kunlik oʻrtacha narxi tushgani xabar qilingandi.


