Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Oʻzbekistonda soʻnggi 11 oyda qancha avtokredit berilgani maʼlum boʻldi

Noyabr oyida 17,4 ming dona yangi yengil avtomobil davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

Foto: “storage.myseldon.com”

Oʻzbekistonda 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida 7,8 trillion soʻm miqdorida avtokreditlar berildi. Bu 2020 yildagi koʻrsatkich — 5,6 trillion soʻmga nisbatan 40 foizga koʻp.

Hududlar kesimida avtokreditlash boʻyicha asosiy oʻsish Buxoro viloyati (114 foiz) va Toshkent shahriga (2,4 marta) toʻgʻri keladi.

“Birlamchi avtomobil bozorida chiplar bilan bogʻliq vaziyat qiyinligicha qolmoqda. Mikrochiplarning yetishmasligi mashinalar yetishmovchiligi va uskunalarning oʻzgarishini keltirib chiqarmoqda. Shu bilan birga, yangi avtomobillar segmenti ortidan ikkilamchi bozorda narxlar oshib bormoqda”, deyiladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida.

Maʼlum boʻlishicha, sotuvning eng yuqori oʻsish surʼatlari Qashqadaryo (12,1 foiz), Xorazm (10,5 foiz) viloyatlari va Qoraqalpogʻistonda (6,3 foiz) qayd etilgan. Namangan (17,1 foiz), Fargʻona (14,9 foiz), Surxondaryo (14,4 foiz) va Navoiy (10 foiz) viloyatlarida avtomobillar xaridi kamaygan.

2021 yil noyabr oyida 17,4 ming dona yangi yengil avtomobil davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan (oktyabr oyiga nisbatan 5,9 foizga kamayish). Shundan, 1270 donasi (7,3 foizi) chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar hisoblanadi.

Umuman, yanvar-noyabr oylarida respublika boʻyicha 169,7 ming dona yangi yengil avtomobil davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

Avvalroq Oʻzbekiston eng koʻp avtomobil import qilayotgan davlatlar haqida xabar berilgandi.