Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekistonning tashqi qarzi qanchaga yetgani ochiqlandi

Mamlakat tashqi majburiyatlarining hajmi 51,4 mlrd dollarni tashkil etdi.

Foto: “wunderstock.com”

Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 37,6 milliard dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 2021 yilning boshiga nisbatan 11 foizga yoki 3,7 milliard dollarga oshib, 2021 yil 1 oktyabr holatiga 37,6 milliard dollarni (2021 yilning 1 yanvar holatiga 33,8 milliard dollar) tashkil qilgan. 

Xususan, yil boshiga nisbatan davlat tashqi qarzi 7 foizga yoki 1,5 milliard dollarga oʻsib, 22,9 milliard dollarni, davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarz esa 18 foizga yoki 2,2 milliard dollarga oʻsib, 14,7 milliard dollarni tashkil etgan.

Shuningdek, mamlakatning chet el valyutasidagi aktivlari 68,3 milliard dollarni, tashqi majburiyatlarining hajmi esa 51,4 milliard dollarni tashkil etgan. Shu munosabat bilan, Oʻzbekistonning sof investitsion pozitsiyasi yil boshiga nisbatan 17 foizga yoki 3,4 milliard dollarga qisqarib, 2021 yilning 1 oktyabr holatiga 16,9 milliard dollarni tashkil qilgan.

Avvalroq Oʻzbekistonning davlat qarzi qoldigʻi 25,3 milliard dollarga yetgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda davlat qarzi summasining YAIMning 60 foizidan oshmasligini belgilovchi qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilindi.