Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

“Bu kon — katalizator”. Shavkat Mirziyoyev Olmaliqdagi “Yoshlik-1” konini koʻzdan kechirdi

“Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish boʻyicha 5 milliard 122 million dollarlik megaloyiha amalga oshirilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 dekabr kuni Olmaliq shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda Pezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Prezidentining 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish boʻyicha 5 milliard 122 million dollarlik megaloyiha amalga oshirilmoqda. Davlat rahbari Olmaliqqa tashrifi chogʻida, avvalo, mazkur kondagi ishlarni koʻzdan kechirdi.

“Kon hududi 11 ming gektar. Zaxirasi ham shunga yarasha salmoqli — yiliga 65 million tonna maʼdan qazib olish quvvatiga ega. Bu konda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor. Ularni qayta ishlash uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilmoqda”, deyiladi xabarda.

Taʼkidlanishicha, bu yerda ish boshlangan 2017 yilda yiliga 3 million kub metr kon ishlari bajarilar edi. 415 million dollarlik 570 dan ziyod zamonaviy texnikalar olib kelingach, samaradorlik oʻn karra oshdi. Endilikda ish hajmi yiliga 40 million kub metrni tashkil etmoqda.

“Bu kon — katalizator. Uni samarali oʻzlashtirish bilan birga kichik konlar boʻyicha ham yangi yoʻnalish qilish kerak. Bu ham qoʻshimcha ish oʻrinlari, katta eksport, degani”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlum qilinishicha, loyiha doirasida, shuningdek, ohak zavodi, 650 megavattli elektr tarmogʻi va boshqa infratuzilma obyektlari barpo etiladi. Jami 6 ming kishi ish bilan taʼminlanadi.

Davlat rahbari ushbu kombinat, umuman, kelgusida har bir sanoat korxonasi oʻzini oʻzi muqobil elektr energiyasi bilan taʼminlashi zarurligini taʼkidladi. Ilmiy tadqiqotlarni va maqsadli aspiranturani kengaytirish, Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali salohiyatini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.