Oʻzbekistonning Janubiy Koreya bilan 10 oydagi savdo hajmi 1 milliard 526,1 million dollarni tashkil qildi.
Maʼlum qilinishicha, 2021 yil yanvar-oktyabr oylarida Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi savdo hajmi 1 milliard 526,1 million dollarni tashkil etgan. Shundan 42,5 million dollari yoki 2,8 foizi eksport, 1 milliard 483,6 million dollar yoki 97,2 foizi importga toʻgʻri keladi.
Shu bilan birga, 2020 yilning shu davriga nisbatan eksport hajmi 11 foizga oʻsgan boʻlsa, importda 14,5 foizga kamayish kuzatilgan. Taʼkidlanishicha, Janubiy Koreya bilan savdo aloqalarning umumiy tashqi savdodagi ulushi 4,7 foizni, eksportda 0,3 foizni, importda 7,3 foizni tashkil etadi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi oʻzaro savdo ulushi ayrim olingan tarmoqlarda quyidagi koʻrinishga ega:
- oziq-ovqat mahsulotlari 0,5 foizni tashkil etadi. Shundan 3,7 million dollar import, 3,7 million dollar eksport qilingan;
- kimyoviy mahsulotlar va buyumlar 12 foizni tashkil etadi. Shundan 184,1 million dollar import, 5,0 million dollar eksport;
- energiya va neft mahsulotlari 1 foizni tashkil etadi. Shundan 8,0 million dollar import, 0,3 million dollar eksport;
- metallar va metall buyumlar 2 foizni tashkil etadi. Shundan 29,1 million dollar import, 5,3 million dollar eksport;
- mashina va uskunalar 72 foizni tashkil etadi. Shundan 1 milliard 95,9 million dollar import, 1,2 million dollar eksport;
- xizmatlar 6 foizni tashkil etadi. Shundan 84,0 million dollar import, 15,1 million dollar eksport;
- boshqa tovarlar 6 foizni tashkil etadi. Shundan 78,8 million dollar import, 11,8 million dollar eksport.
Avvalroq Oʻzbekiston va Koreya Prezidentlari qoʻshma bayonot qabul qilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasida eng koʻp ulushga ega boʻlgan davlatlar xabar qilindi.


