Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonning davlat qarzi 43,4 mlrd dollarga yetdi

Davlat qarzining asosiy qismi tashqi qarzga toʻgʻri keladi — 84 foiz. Yil davomida tashqi qarz 5,5 mlrd dollarga, ichki qarz esa 632 mln dollarga oshdi.

Foto: “123ru.net”

Joriy yilning 1 iyul holatiga koʻra, yarim yilda Oʻzbekistonning davlat qarzi 43,37 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi saytidagi maʼlumotlarda keltirilgan.

Koʻrsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 1,16 barobar — $6,13 mlrdga oʻsdi, yil boshi bilan taqqoslaganda esa $3,16 mlrdni (+7,86%) tashkil etdi. Davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbati 35 foizdan 34,2 foizga kamaydi.

Davlat qarzining asosiy qismi tashqi qarzga toʻgʻri keladi — 84 foiz. Yanvar—iyun oylarida uning hajmi $2,68 mlrdga (+7,97 foiz) oshib, $36,41 mlrdni tashkil etdi. Ichki qarz esa $473 mln oʻsish bilan $6,96 mlrd (+7,29 foiz) boʻlgan. Yil davomida tashqi qarz $5,5 mlrdga (+17,85 foiz), ichki qarz esa $632 mlnga (+9,9 foiz) oshdi.

Yarim yilda tashqi qarzning asosiy qismi — 47 foizi ($16,96 mlrd) budjetni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan. Yoqilgʻi-energetika sohasiga $5,89 mlrd (16 foiz), qishloq va suv xoʻjaligi — $3,13 mlrd (9 foiz), uy-joy kommunal xoʻjaligi — $3 mlrd (8 foiz) hamda transport va transport infratuzilmasi $2,91 mlrd (9 foiz) ajratilgan.

Kreditorlar qatorida tashqi qarz tarkibida xalqaro moliya institutlari yetakchilik qilmoqda — $19,44 mlrd yoki jamiga nisbatan 53 foiz:

  • Jahon banki — $7,84 mlrd (tashqi qarzning 22 foizi);
  • Osiyo taraqqiyot banki — $7,46 mlrd (20 foiz);
  • Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $1,69 mlrd (5 foiz);
  • Islom taraqqiyot banki — $935 mln (3 foiz);
  • Xalqaro valyuta jamgʻarmasi — $642 mln (2 foiz);
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — $401 mln (1 foiz).

Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari suveren majburiyatlarning 31 foizini — $11,19 mlrdni tashkil etadi:

  • Xitoy (Xitoy taraqqiyot banki, Eksimbank va boshqalar) — $3,86 mlrd (11 foiz);
  • Yaponiya (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqalar) — $3,18 mlrd (9 foiz);
  • Fransiya (Fransiya taraqqiyot agentligi va b.) — $1,16 mlrd (3 foiz);
  • Janubiy Koreya (Eksimbank, Koreya iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi va b.) — $750 mln (2 foiz);
  • Germaniya (Germaniya davlat banki) — $481 mln (1 foiz).
  • Saudiya Arabistoni (Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi) — $136 mln.

Shuningdek, tashqi qarzning 16 foizi investorlar hissasiga toʻgʻri keladi. Olti oyda xalqaro obligatsiyalar hajmi $1,65 mlrdga oshib, $5,78 mlrdni tashkil etdi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yil yakuni bilan Oʻzbekistonning davlat qarzi 2023 yilga nisbatan $5,27 mlrdga oʻsib, $40,19 mlrdni tashkil etdi. Oʻsishning asosiy qismi davlat tashqi qarzi hissasiga toʻgʻri kelib ($33,72 mlrd), oʻtgan yil davomida unga $4 mlrddan ortiq mablagʻ qoʻshilgan.