Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekiston va Koreya Prezidentlari qoʻshma bayonot qabul qildi

Raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot va kuchli ijtimoiy siyosat sohalari alohida strategik sheriklikning uch muhim yoʻnalishi sifatida belgilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston va Koreya davlat rahbarlarining ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje In Oʻzbekiston bilan Koreya Respublikasi oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonotni qabul qildi.

Xabarga koʻra, bu hujjatda oʻzaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini keng nishonlash, ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlarini mustahkamlash maqsadlari oʻrin olgan. Raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot va kuchli ijtimoiy siyosat sohalari alohida strategik sheriklikning uch muhim yoʻnalishi sifatida belgilangan.

Ikki mamlakat rahbarlari huzurida Sogʻliqni saqlash sohasida hukumatlararo bitim, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi bilan 2022-2024 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi, Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2022-2024 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi, shuningdek, energetika sohasida oʻzaro muloqot oʻrnatish, “aqlli shahar”larni rivojlantirish, Iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashish jamgʻarmasi orqali moliyalashtirish, nodir metallar, mis va ularning qotishmalariga oid memorandumlar imzolangan.

Shuningdek, tashrif doirasida axborot texnologiyalari, “aqlli” qishloq xoʻjaligi sohalariga oid memorandumlar hamda Iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi bilan hamkorlikda tibbiy uskunalar yetkazib berish toʻgʻrisida bitim imzolangan.

Avvalroq Prezidentlar oʻrtasida investitsiyalar hajmi, infratuzilma obyektlari va yangi loyihalar muhokama qilingandi.