Iyun oyida Oʻzbekistonda koʻchmas mulk bozoridagi faollik sezilarli oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.
Markaz maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan oyda koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 25 mingdan oshib, may oyiga nisbatan 23% ga koʻpaygan.
Bitimlar sonining oʻsishi mamlakatning barcha hududlarida kuzatilgan. Oylik hisobda eng yuqori oʻsish Buxoro viloyatida — 50,1%, Navoiyda — 41,5% va Samarqandda — 31,8% qayd etilgan. Nisbatan moʻtadil oʻsish Andijon (17,9%), Toshkent viloyati (12,2%) hamda Xorazm (0,9%) viloyatlarida kuzatilgan.
Yillik hisobda esa eng yuqori oʻsish Toshkent shahrida — 35,7%, Sirdaryoda — 26,9%, Navoiyda — 26,3% va Qoraqalpogʻistonda — 23,3% qayd etilgan. Shu bilan birga, Jizzax (5,7%), Fargʻona (3,6%) va Toshkent viloyati (3,3%) da oʻsish surʼatlari nisbatan past boʻlgan.
Shuningdek, 2026 yilning birinchi yarmi yakunlariga koʻra, mamlakatda 171 mingdan ortiq koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 25,3% yoki 34,5 mingta koʻpdir.
Yanvar iyun oylarida barcha hududlarda koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni oshdi. Eng yuqori oʻsish Sirdaryo (36,4%), Toshkent shahri (34,9%) va Navoiy (30%) hissasiga toʻgʻri kelgan. Xorazm (16,7%), Buxoro (15,4%) va Fargʻona (12,1%) viloyatlarida esa oʻsish surʼatlari nisbatan moʻtadil boʻlgan.
2026 yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda 13,1 trln soʻmlik ipoteka kreditlari ajratildi, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 38% koʻp. Kreditlar 42,6 ming nafardan ortiq fuqaroga berilgan boʻlib, mablagʻlarning 75%i birlamchi uy-joy bozoriga yoʻnaltirildi. Hududlar orasida eng katta hajmdagi ipoteka kreditlari Toshkentga (4,01 trln soʻm) toʻgʻri keldi.


