Markaziy bank Oʻzbekistonda 2026 yil I yarmini qamrab oluvchi aholi qarz yuki darajasini aniqlash boʻyicha soʻrov oʻtkazdi. Jarayonda mamlakat boʻylab 5,8 ming respondent ishtirok etdi.
Qarzdorlar koʻp
Aholi qarz yuki darajasini baholashda respondentlarning bank va bankdan tashqari qarzdorligi hisobga olingan. Soʻrov ishtirokchilari orasida oila aʼzolari soni 5 kishi boʻlganlar eng katta ulushni tashkil etgan — 28 foiz.
Respondentlarning katta qismi asosiy mehnat faoliyati boʻyicha oilaviy oʻrtacha oylik daromadi 12 million soʻmgacha ekanini qayd etgan. Bundan tashqari, jami respondentlarning 19 foizi qoʻshimcha daromad manbaiga egaligini bildirgan. Xususan, mazkur respondentlarning 58 foizida 4 million soʻmgacha boʻlgan qoʻshimcha oylik daromadi mavjud.
“Jami respondentlarning 77 foizi oʻzi yoki oila aʼzolaridan birida bank va bankdan tashqari qarz majburiyatlari mavjudligini qayd etgan”, deyiladi tahlilda.
Qatnashchilardan 68 foizi bankdan qarzi borligini qayd etgan. Ularning har besh nafaridan birida bankdan tashqari ham qarzdorlik mavjud.
Qarzini qaytarishga qiynalayotganlar ulushi yuqori
Ishtirokchilar qarzlarning 20 foizini uy-joy sotib olish yoki taʼmirlash uchun olganini bildirgan. Yana 18 foiz qarzdorlik avtomobil xaridi qilish maqsadida yuzaga kelgan. Qarzi borlarning 8 foizi uni qaytarish uchun yana qarz olganini qayd etgan.
“Respondentlarning 61 foizi qarz majburiyatlarini oʻz vaqtida qaytarishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini maʼlum qilgan”, deyiladi tahlilda.
Qarzdor soʻrov qatnashchilarining 47 foizi keyingi yarim yilda toʻlov qobiliyati yaxshilanishini, yana 42 foizi esa moliyaviy imkoniyati oʻzgarishsiz qolishini taxmin qilgan.
Jami respondentlarning 15 foizi keyingi olti oy davomida oʻzi yoki oila aʼzolari tomonidan qoʻshimcha qarz olishga ehtiyoj borligini bildirgan. Ularning 25 foizi qarz hisobiga uy-joy sotib olish yoki taʼmirlashni rejalashtirgan.
Qarz yuki yuqoriligicha qolmoqda
Oʻrganishlarga koʻra, bankdan qarzdor respondentlarning oʻrtacha qarz yuki darajasi 51 foizni tashkil etgan. Yaʼni ular daromadining yarmidan koʻp qismini qarz toʻlashga sarflaydi.
Qarzdor ishtirokchilarning 47 foizida qarz yuki 50 foizdan yuqori darajada shakllangan.
Tahlil qilinishicha, 68 foiz respondent qarz qaytarish uchun oyiga 6 million soʻmdan kam pul toʻlaydi. Ishtirokchilardan 48 foizi qarzlarni uch yildan qisqa muddatga olgan. Respondentlarning 27 foizi esa qarzni uzib boʻlishiga besh yil va undan ortiq yil kerakligini taʼkidlagan.


