Oʻzbekistonda amaldagi 1 foizlik soliq keshbeki tizimidan bosqichma-bosqich voz kechib, manzilli ragʻbatlantirish mexanizmlariga oʻtish taklif qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti tahlilida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, soʻnggi yillarda soliq tizimini raqamlashtirish jarayonida elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn nazorat-kassa mashinalari, tovarlarni identifikatsiya qilish va raqamli markirovkalash kabi vositalar joriy etilgan. Keshbek mexanizmi esa dastlab xaridorlarni fiskal chek olishga ragʻbatlantirish va savdo aylanmasini shaffoflashtirish uchun yoʻlga qoʻyilgan.
Institut ekspertlariga koʻra, xaridorlarda chek olish odati shakllangach, ommaviy pulli ragʻbatlantirishga boʻlgan ehtiyoj bosqichma-bosqich kamayadi.
Tahlilda keltirilishicha, keshbek uchun davlat byudjeti xarajatlari yildan yilga oshib bormoqda. Xususan, 2022 yilda bu maqsad uchun 820 mlrd soʻm sarflangan boʻlsa, 2026 yilda xarajatlar 1,8 trln soʻmgacha yetishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, 2026 yil may oyida xaridorlarga jami 146,6 mlrd soʻm keshbek toʻlangan. Shundan 15,7 mlrd soʻmi yoki 10,7 foizi TOP-10 savdo tarmogʻida amalga oshirilgan xaridlarga toʻgʻri kelgan.
Ekspertlar fikricha, amaldagi tizimda byudjet mablagʻlarining bir qismi keshbek boʻlmagan taqdirda ham amalga oshiriladigan xaridlarni ragʻbatlantirishga sarflanmoqda.
Shu sababli “har bir chek ragʻbatlantiriladi” tamoyilidan voz kechib, “iqtisodiyotning eng yuqori xavfga ega segmentlaridagi nazorat ragʻbatlantiriladi” tamoyiliga oʻtish taklif qilinmoqda.
Yangi mexanizm doirasida soliq xavfi yuqori boʻlgan sohalarda, jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalari va kichik chakana savdo obyektlarida berilgan cheklarni roʻyxatdan oʻtkazgan xaridorlar oʻrtasida davlat lotereyalarini tashkil qilish taklif etilmoqda.
Lotereyalarda avtomobillar, turistik yoʻllanmalar va qiymati 5 mln soʻmdan yuqori boʻlgan boshqa sovrinlar oʻynalishi mumkin. Institut hisob-kitoblariga koʻra, bunday tizim uchun 100 mlrd soʻmgacha mablagʻ yetarli boʻladi va bu byudjet xarajatlarini qariyb 20 barobarga qisqartirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, tahlilda keshbek tizimi soliq madaniyatini shakllantirish, chek olish odatini rivojlantirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda muhim rol oʻynagani taʼkidlangan. Ammo raqamli soliq maʼmurchiligi rivojlanishi fonida tizimni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi qayd etilgan.


