Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Aholi banklarga koʻproq pul qoʻymoqda: omonatlar miqdori bir yilda 31 foizga oshdi

Omonatlarning qariyb 96 trillion soʻmi yoki 56,4 foizi Toshkent shahrida jamlangan.

Foto: Nova 24

Oʻzbekistonda banklarga aholi tomonidan joylashtirilgan omonatlar bir yilda 40,2 trillion soʻmga koʻpaydi. Bu haqda Markaziy bank maʼlumot berdi.

2026 yil 1 may holatiga koʻra, banklardagi jami depozitlar qoldigʻi 444,4 trillion soʻmga yetgan (bir yil avvalgidan 105 trillion soʻmga koʻp). Shundan 170,2 trillion soʻmi aholiga tegishli omonatlar hisoblanadi. Taqqoslash uchun, bir yil ilgari mazkur miqdor 130 trillion soʻm edi. Bunda yillik oʻsish 40,2 trillion soʻmni (31 foiz) tashkil etgan.

Omonatlarning qariyb 96 trillion soʻmi yoki 56,4 foizi Toshkent shahrida jamlangan. Miqdor jihatdan keyingi oʻrinda Xorazm viloyati qayd etilgan — 10,3 trillion soʻm. Qolgan har bir hududdagi aholi depozitlari hajmi 10 trillion soʻmdan kam shakllangan. Eng past miqdordagi mablagʻlar Sirdaryo viloyatidagi banklarga joylangan — 1,4 trillion soʻm.

Bugun respublikada 34 ta bank faoliyat yuritmoqda. Aholi omonatlarining 82,3 trillion soʻmi davlatga tegishli banklarda jamlangan. Bu miqdor bir yil ilgari bu raqamdan 25,6 trillion soʻmga koʻpaygan. Omonatlarning 87,9 trillion soʻmi xususiy banklarda jamlangan. Mazkur miqdor 2025 yil 1 mayida 73,2 trillion soʻm edi (yillik oʻsish 14,7 trillion soʻm).

Joriy yil 1 may holatiga koʻra, aholi eng koʻp omonat mablagʻlarini Kapitalbankka joylagan — 26,8 trillion soʻm. Keyingi oʻrinlarda Agrobank (19,1 trillion soʻm), Oʻzmilliybank (18,1 trillion soʻm) qayd etilgan.