Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

MB: Aholi uchun oylik ish haqi asosiy daromad manbai boʻlib qolmoqda

Soʻrovnomada ishtirok etgan eng yuqori va kam daromad oluvchilar kelgusi oylarda xarajatlari kamayishini taʼkidladi. Oʻrta (5-7 million soʻmgacha va 7-10 million soʻmgacha) va nisbatan yuqori (10-15 million soʻmgacha va 15-20 million soʻmgacha) daromad oluvchilar kelgusida xarajatlari oshishini kutmoqda.

Oʻzbekiston aholisining asosiy daromad manbai oylik ish haqi boʻlib qolmoqda. Bu haqda Markaziy bank maʼlumot berdi.

Asosiy pul oylikdan keladi

2026 yil yanvarda aholining isteʼmol kayfiyatini baholash maqsadida soʻrov oʻtkazildi. Jarayonda ishtirokchilardan 67 foizi asosiy daromad manbayi oylik ish haqi ekanini bildirgan.

Qolgan qatnashchilar daromad manbalari tomorqa, yollanib ishlash, tadbirkorlik, stipendiya, nafaqa va migrant qarindoshlari yuborgan pullardan kelishini taʼkidlagan. Dividend va depozit orqali daromad oluvchilar eng kam ulushni tashkil etgan.

Daromad oshishini kutayotganlar koʻp

Soʻrov ishtirokchilaridan 67 foizi kelgusida daromadlari oshishini kutayotganini qayd etgan. Yana 25 foizi daromadi oʻzgarmasligini, 8 foizi esa kamayishi mumkinligini taʼkidlagan.

Oyiga 7-10 million soʻm topadiganlar kelgusida daromadlari oshishiga ishonchi yuqoriligini bildirgan. Har oy 3 million soʻmgacha, 10-15 million soʻm oraligʻida va 20 million soʻmdan koʻp topadiganlar esa daromadi oʻzgarmasligi mumkinligini aytgan.

Maishiy xizmat, IT, OAV, qishloq xoʻjaligi, savdo, davlat boshqaruvi va umumiy ovqatlanish sohasidagilar ish haqi oshishiga koʻproq ishonch bildirgan. Fan, taʼlim, kommunal xizmatlar va qurilish vakillarida esa kutilmalar darajasi pastroq.

Nimalarga koʻproq xarajat qilinyapti?

Soʻrovda qatnashganlarning 76 foizi kelgusida xarajatlari oshishini taxmin qilgan.

Eng yuqori va kam daromad oluvchilar kelgusi oylarda xarajatlari kamayishini taʼkidlagan. Oʻrta (5-7 million soʻmgacha va 7-10 million soʻmgacha) va nisbatan yuqori (10-15 million soʻmgacha va 15-20 million soʻmgacha) daromad oluvchilar kelgusida xarajatlari oshishini kutmoqda.

Soʻrov ishtirokchilaridan asosiy qismi uy-joy taʼmiri va taʼlim uchun eng koʻp xarajat qilayotganini bildirgan. Bunda nisbatan kamroq daromadlilar (5 mln soʻmgacha) asosiy eʼtiborni uy taʼmiri va taʼlimga qaratgan. Yuqori daromadlilar esa (20 million soʻmdan ortiq) koʻproq avtomobil, uy sotib olish va sayohat qilishni rejalashtirgan.

Markaziy bankka koʻra, taʼlim barcha uchun eng asosiy xarajat yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda. Xususan, daromadi pastroq qatlam ham taʼlimga koʻproq xarajat qilayotgani qayd etilgan.

Soʻrovda 30 yoshgacha boʻlganlar taʼlim va uy-joy taʼmiriga koʻp pul sarflashini qayd etgan. 31-50 yoshlilar uy-joy taʼmiri, farzandlar taʼlimi, davolanish va oilaviy bayramlarga koʻp chiqim qiladi. 51 yoshdan oshganlar esa sogʻligʻini tiklash va toʻy marosimlari uchun koʻproq mablagʻ sarflaydi.

Markaziy bank soʻrov natijasidan kelib chiqib, kelgusi oylarda aholi uy taʼmirlash, taʼlim, davolanish, avtomobil xaridi va oilaviy tadbirlarni oʻtkazishga koʻproq xarajat qilishi mumkinligini bildirgan.