“Ochiq byudjet” portalida “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2026 yilgi 1-mavsum gʻolib loyihalari eʼlon qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, jarayonlarda mamlakat boʻylab jami 10 mln 284 mingta ovoz berildi. Ovoz berish jarayoni yakunlariga koʻra, jami 1 996 ta (1 980 ta anʼanaviy hamda 16 ta sheriklik) loyiha gʻolib deb topildi.
Natijalar 21 martga oʻtar kechasi eʼlon qilindi. Gʻolib boʻlgan mahallalar aholisi gʻalabani katta tantana sifatida nishonladi. Ayrim hududlarda mushakbozlik ham uyushtirilgan.
Gʻolib boʻlgan loyihalar bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Eslatib oʻtamiz, “Tashabbusli byudjet”ning 2026 yilgi 1-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi 1 martdan boshlangandi. Ushbu mavsum doirasida fuqarolar tomonidan jami 21 049 ta loyiha kelib tushgan boʻlib, shulardan 17 390 tasi saralash bosqichidan ovoz berish bosqichiga oʻtkazilgan.


