Ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlari doirasida arizalar qabuli boshlandi.
Arizalarni 16 mart kuni soat 14:00 dan boshlab Davlat xizmatlari markazlari yoki myGov mobil ilovasi hamda my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin.
Talabgorlar ijtimoiy mezonlar asosidagi baholashda 30 va undan yuqori ball toʻplashi hamda kredit tarixidasturda ishtirok etuvchi kamida bitta bankning ichki talablariga mos boʻlishi kerak.
Ariza beruvchida, shu jumladan, uning turmush oʻrtogʻining nomida mamlakat boʻylab mulk huquqi bilan turar joy mavjud boʻlmasligi hamda oʻrtacha oylik daromadi belgilangan mezonlar doirasida boʻlishi lozim.
Bunda harbiy xodimlar bevosita davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish orqali ariza topshirishlari mumkin.
Ariza topshirish (baholash) davrida OneID tizimida ishtirok etuvchi banklarga kredit tarixini baholash uchun tegishli maʼlumotlardan foydalanishga ruxsat berilgan boʻlishi hamda kredit tarixini olishga cheklov vaqtincha oʻrnatilmagan boʻlishi kerak. Aks holda, kredit tarixini oʻrganish imkoniyati cheklanib, ariza rad etilishi mumkin.
Shuningdek, ariza beruvchi oʻz xohishi bilan daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlarini kiritishi mumkin. Talabgor va uning yaqin qarindoshlarining oʻrtacha daromadi quyidagicha boʻlishi kerak:
- Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravardan 8 baravargacha (3,431 mln — 10,168 mln soʻm);
- Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravardan 9,2 baravargacha (3,431 mln — 11,693 mln soʻm).
Uy-joy sotib olishda ipoteka krediti boʻyicha boshlangʻich toʻlov va foizlarning bir qismini qoplashga budjetdan mablagʻ ajratiladi. Kredit foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga toʻlab beriladi.


