Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Endi chiqindi xizmati uchun faqat koʻrsatilgan xizmatga haq toʻlanadi

2026 yilning 1 yanvaridan boshlab Oʻzbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun haq toʻlashning mutlaqo yangi mexanizmi toʻliq kuchga kirdi.

Endilikda isteʼmolchilar tomonidan amalga oshirilgan toʻlovlar toʻgʻridan-toʻgʻri xizmat koʻrsatuvchi korxona hisobiga emas, balki Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining maxsus hisob raqamiga yoʻnaltirilmoqda.

Operatorlarga mablagʻlar faqat ikkita asosiy koʻrsatkich boʻyicha toʻlab beriladi:

  • Tonnaj: Poligonga kiritilgan chiqindining real vazni.
  • Masofa: Maxsus texnikaning (musorovozdarning) bosib oʻtgan haqiqiy kilometri.

Bu tizim korxonalar tomonidan xizmat koʻrsatilmagan hududlar uchun pul undirish yoki hisobotlarni sunʼiy ravishda oshirib koʻrsatish imkoniyatini yoʻqqa chiqardi. Natijada, hozirgacha tizimdan 11,9 mlrd soʻmlik noreal debitor qarzdorliklar chiqarib tashlandi.

Sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar ishi har oy yakuni boʻyicha baholanib, “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilmoqda. Bu reyting korxonalarga haq toʻlashda asosiy mezon boʻlib xizmat qiladi. Joriy yilning oʻtgan davri ichida:

14 ta korxona past koʻrsatkichlari uchun jarimaga tortildi. 2 ta korxona bilan tuzilgan bitimlar sifatsiz xizmat tufayli bekor qilinib, hududlar qaytarib olindi.

“Toza Makon” yagona elektron billing tizimi bugungi kunda respublika boʻyicha 9 430 ta mahalla va 7,1 mln abonentni qamrab olgan. Sohadagi 3 230 ta maxsus texnikaning 94 foizi GPS navigatsiyasi orqali real vaqt rejimida kuzatilmoqda. Shuningdek, 846 ta chiqindi yigʻish maydonchasi onlayn kameralar nazoratiga olingan. 2030 yilga kelib bu koʻrsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.