Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Imtiyozli ipoteka kreditlari miqdori 15 foizga oshiriladi

Ajratiladigan ipoteka krediti mablagʻlari hisobiga 73 mingdan ziyod oilalar uy-joylar bilan taʼminlanadi.

Foto: TASS

Oʻzbekistonda davlat tomonidan ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditlari miqdori 15 foizga oshiriladi. Bu haqda 2026 yil 16 fevral kuni yangidan tasdiqlangan “Oʻzbekiston 2030” strategiyasida belgilangan.

2026 yil 1 martda mamlakatda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturi qabul qilinadi. Dastur doirasida joriy yil uchun jami 23 trillion soʻm ipoteka kreditlarini ajratish koʻzda tutilgan. Shundan 12,2 trillion soʻm davlat byudjetidan, 7,8 trillion soʻm banklar mablagʻlaridan va 3 trillion soʻm “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ hisobidan yoʻnaltiriladi.

Strategiyada 2026 yil davomida bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka krediti miqdorini Toshkent shahrida 480 million soʻmga, hududlarda esa 380 million soʻmga yetkazish belgilangan. Yil davomida ipoteka kreditlari boʻyicha 2,7 trillion soʻm subsidiyalar ajratish koʻzda tutilgan.

“Ajratiladigan ipoteka krediti mablagʻlari hisobiga 73 mingdan ziyod oilalar uy-joylar bilan taʼminlanadi. 30 ming nafar fuqaroga ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badal va foiz xarajatlari uchun subsidiyalar ajratiladi”, deyiladi hujjatda.

​Maʼlumot uchun, hozirda bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditining miqdori Toshkent shahrida 420 million soʻm, hududlarda 330 million soʻmni tashkil etadi. :Joriy yil davomida mazkur miqdor 15 foizga oshiriladi. Strategiyada 2026 yilda mamlakatda qurilish ishlari hajmini 11 foizga koʻpaytirib, 30 milliard dollarga yetkazish ham belgilangan. Tijorat banklari tomonidan aholiga jami 125 trillion soʻmlik isteʼmol kreditlari yoʻnaltirilishini taʼminlash vazifasi qoʻyilgan.