Oʻzbekistonda chakana kreditlashning oʻsishi yuqori foiz stavkalariga qaramay, kelgusi yilda ham hozirgi darajada saqlanib qoladi. Bu haqda 28 yanvar kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Markaziy bank rahbariyati maʼlum qildi.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Nodirbek Ochilov ipoteka, mikroqarzlar va avtokreditlarning istiqbollari haqidagi savolga javob berar ekan, chakana kreditlash 2022 yildan beri sezilarli tezlashganini taʼkidladi.
«Uzoq muddatli istiqbol shuni koʻrsatadiki, ilgari, 2017 yildan 2024 yilgacha Oʻzbekistonda korporativ kreditlashning yuqori hajmi va oʻsish surʼatlari kuzatilgan. 2022 yildan boshlab chakana kreditlash segmentida yuqori oʻsish surʼatlari qayd etila boshladi», — dedi u.
Uning soʻzlariga koʻra, bu kechiktirilgan talabning amalga oshishi, uy xoʻjaliklari daromadlarining oʻsishi va isteʼmol xarajatlarining kengayishi bilan bogʻliq.
“Bizning prognozlarimizga koʻra, kelgusi yilda chakana kreditlarning oʻsish surʼatlari bu yilgi darajada qoladi. Ha, foiz stavkalari qatʼiy va yuqoriligicha qolmoqda, ammo bir vaqtning oʻzida chakana kreditlarga yuqori talab ham saqlanib qoladi, bu iqtisodiy oʻsish va isteʼmolchilar talabining ortishi bilan bevosita bogʻliq”, — deb taʼkidladi Ochilov.
Uning qoʻshimcha qilishicha, regulyator oʻrta muddatli istiqbolda vaziyatning bosqichma-bosqich normallashishini kutmoqda.
“Kelgusi yillardan boshlab, makroprudensial choralarning taʼsiri kuchayishi bilan, biz vaziyat normallashishini kutmoqdamiz. Kreditlashning oʻsish surʼatlari tobora koʻproq uy xoʻjaliklari daromadlari dinamikasiga mos kela boshlaydi va asta-sekin — keyingi uch-toʻrt yil ichida — boshqa turdagi kreditlarning oʻsish surʼatlariga moslashadi”, — dedi u.
Prognozga koʻra, kelasi yillarda kreditlashning oʻsishi 30% ga yaqin joylashadi.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov regulyator chakana kredit berishni qatʼiy cheklashni rejalashtirmayotganini taʼkidladi.
“Bilasiz, chakana kreditlashning oʻsishi hozirda ancha yuqori. Bu, albatta, yuqori talab bilan bogʻliq — aholining kreditlarga boʻlgan ehtiyoji obyektiv ravishda oʻsib bormoqda. Biroq, umuman olganda, chakana kreditlashning iqtisodiyotga (YAIM) nisbatan hajmi nisbatan pastligicha qolmoqda”, — dedi u.
Uning soʻzlariga koʻra, regulyator kreditlashning oʻsishidan emas, balki aholiga ortiqcha qarz yuki tushishi xavfidan qaygʻurmoqda.
“Bizni chakana kreditlash oʻsishining oʻzi emas, balki uning tez surʼatlarda tezlashayotgani va natijada aholi qarz yukining sifati tashvishlantirmoqda. Marhamat, kreditlar berilsin, lekin ular sifatli boʻlishi kerak — emotsional boʻlmasligi, tartibsiz berilmasligi kerakki, ular ertaga muammoli qarzga aylanib qolmasin”, — deb taʼkidladi Ishmetov.
Shuningdek, u qarz oluvchilarni himoya qilish boʻyicha rejalashtirilgan choralarni eʼlon qildi.
«Bu yildan boshlab, qarz oluvchilar vaqtincha qarzlarini oʻz vaqtida toʻlay olmagan hollarda qoʻshimcha jarimalar va foizlarni hisoblashni cheklash boʻyicha ishlarni boshlaymiz. Banklarga tegishli koʻrsatmalar berildi va bizning pozitsiyamiz aniqlashtirildi. Ushbu yondashuvlar yil davomida normativ hujjatlarda mustahkamlanadi», — dedi MB raisi.
Regulyatorning baholashiga koʻra, chakana kreditlash oʻrta muddatli istiqbolda oʻsishda davom etadi.
“Bizni chakana kreditlashning oʻzi emas, balki shu oʻsish doirasida aholining qarzga botib qolmasligini taʼminlash tashvishga soladi. Oʻrta muddatli perspektivani hisobga olsak, bizning fikrimizcha, chakana kreditlash oʻsishda davom etadi, chunki iqtisodiyotdagi umumiy talab hali toʻliq qondirilmagan”, — deb taʼkidladi Ishmetov.


