Pensiya jamgʻarmasi yanvar oyi pensiyalari qachon toʻlanishi boʻyicha izoh berdi.
Prezident farmoni bilan, 31 dekabrdan 4 yanvargacha Yangi yil bayrami munosabati bilan dam olish kunlari eʼlon qilingan. Shu bois, pensionerlar orasida yanvar oyidagi pensiyalar qachon toʻlanishi borasida savollar yuzaga kelgan.
“2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi qonun bilan jamgʻarmaning xarajatlari tasdiqlangan va shundan kelib chiqib yanvardagi pensiyalar belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Xususan, bank plastik kartalari orqali pensiya oluvchi fuqarolarning yanvar oyi pensiyalari 2026 yil 5 yanvardan boshlab kartalarga yuklab beriladi. Shu kundan Pensiya jamgʻarmasi tomonidan pensiya yetkazib beruvchi tashkilotlarga ham mablagʻlar moliyalashtiriladi.
Naqd shaklda pensiya oluvchilarga esa yanvar oyidagi pensiyalar 5−27 yanvar kunlari Xalq bankining sayyor kassalari orqali tasdiqlangan kundalik grafik asosida toʻlanadi. Xususan, mablagʻlar mahalla fuqarolar yigʻinlari orqali yoki fuqarolarning yashash manziliga yetkazib beriladi.
Pensiya masalalari boʻyicha qoʻshimcha savollar tugʻilganda fuqarolar jamgʻarmaning 1271 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.


