Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

YATT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar 1 yanvardan boshlab 1 foizli stavkada soliq toʻlaydi

Ushbu maxsus rejimda jismoniy shaxslar oʻrtasida oʻzaro hisob-kitoblarni, shu jumladan pul oʻtkazmalarini amalga oshirish koʻzda tutilgan boʻlib, bu ularni huquqiy tartibga solish va yagona qoʻllash tartibini taʼminlaydi.

Foto: Davlat soliq qoʻmitasi matbuot xizmati

Soliq qoʻmitasi ayrim ijtimoiy tarmoqlarda “qonun hujjatlari oʻrniga ogʻzaki qoʻngʻiroqlar biznes muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganligi” haqida tarqalgan xabarga munosabat bildirdi.

Prezidentning 2025 yil 12 avgustdagi 247-son qaroriga muvofiq, 2030 yil 31 dekabrga qadar toʻlov tashkilotlarining raqamli platformalari orqali yakka tartibdagi tadbirkorlar (YATT) va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun davlat va moliyaviy onlayn xizmatlar koʻrsatishni nazarda tutuvchi maxsus huquqiy rejimni joriy etish maʼqullandi.

Ushbu maxsus rejimda jismoniy shaxslar oʻrtasida oʻzaro hisob-kitoblarni, shu jumladan pul oʻtkazmalarini amalga oshirish koʻzda tutilgan boʻlib, bu ularni huquqiy tartibga solish va yagona qoʻllash tartibini taʼminlaydi.

YATT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar 2026 yil 1 yanvardan boshlab tovar aylanma hajmidan 1 foizli stavkada soliq toʻlaydi. Shuningdek, raqamli platformadan roʻyxatdan oʻtish orqali soliq hisobotlari (hisob-kitoblar) avtomatik shakllantiriladi, raqamli platforma orqali ochilgan elektron hamyon bank hisob raqamiga tenglashtiriladi.

Soliq qoʻmitasi tomonidan mazkur qaror mazmuni hamda platformaning qulayliklari toʻgʻrisida 208 ta tuman markazlarida, bozorlar va savdo komplekslarida seminar, uchrashuvlar tashkil etilib, batafsil tushuntirishlar berilmoqda.

Shu bilan birga, YATT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar elektron toʻlovlarni qabul qilish uchun maxsus QR kodga ega boʻlishi, bu talab savdo qoidalarining majburiy sharti hisoblanishi toʻgʻrisida eslatib oʻtilmoqda.

Natijada, joriy yilning 25 dekabr holatiga 550,4 ming nafar (215,8 mingta YATT va 334,6 mingta oʻzini oʻzi bandlar) YATT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar raqamli platformadan roʻyxatdan oʻtdi.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvardan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari, yaʼni ishlar va xizmatlar roʻyxati 112 tadan 72 taga qisqartirildi. Oʻzgarishlarning asosiy qismi YATT faoliyatiga xos boʻlgan 40 ta yoʻnalishga toʻgʻri keladi.