Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Alisher Temirov GHWPʻning Regulyator organlari boʻyicha rais oʻrinbosari lavozimiga saylandi

Bangkok shahrida Tibbiy buyumlarni tartibga solish talablarini uygʻunlashtirish boʻyicha global ishchi guruh (GHWP)ning 29-yillik anjumani va Texnik qoʻmita yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Ushbu yirik xalqaro tadbirda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov ham ishtirok etdi.

Anjumanda tibbiy jihozlarni tartibga solishning yangi global standartlari, roʻyxatdan oʻtkazish va sertifikatlash tartiblarini takomillashtirish, bozor nazoratini samarali tashkil etish va texnik reglamentlarni uygʻunlashtirish kabi strategik masalalar muhokama qilindi.

Eʼtiborlisi, GHWPning yangi rahbariyatini shakllantirish jarayonida markaz direktori Alisher Temirov mazkur ishchi guruhning Regulyator organlari boʻyicha rais oʻrinbosari lavozimiga koʻrsatilib, bir ovozdan maʼqullandi.

Shuningdek, anjumanda 2026 yili boʻlib oʻtadigan GHWP Texnik qoʻmita rahbarlari yigʻilishiga mezbonlik masalasi koʻrib chiqildi. Muloqot yakunida ushbu nufuzli tadbirni Toshkent shahrida oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Eslatib oʻtamiz, GHWP — tibbiy jihozlarni roʻyxatdan oʻtkazish, xavfni baholash, sertifikatlash, bozor nazorati va sifat menejmenti boʻyicha yagona global yondashuvlarni shakllantiruvchi nufuzli platforma.

Uning tarkibiga Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Singapur, Malayziya kabi 30 dan ortiq mamlakatlar kiradi. Oʻzbekiston 2024 yilda Kuala-Lumpurda oʻtkazilgan anjumanda tashkilotning toʻlaqonli aʼzosi etib qabul qilingan.