Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish soliq tushumlarini 30 foizgacha oshirdi — Soliq qoʻmitasi

Hududlardagi soliq tushumlari uchinchi chorakda 30 foizga, yil boshidan buyon 27 foizga oʻsgan. Respublika miqyosida esa soliq tushumlaridagi yillik oʻsish 18 foizni tashkil etmoqda.

Foto: Davlat soliq qoʻmitasi matbuot xizmati

Oʻzbekistonda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hisobiga soliq tushumlari oshmoqda, deya xabar berdi Davlat soliq qoʻmitasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, raqamlashtirish, elektron hisobvaraq faktura, onlayn nazorat kassa mashinasi, raqamli markirovka, mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlari, elektron yuk xati va keshbeklar joriy etilishi yashirin iqtisodiyot ulushini sohalarga qarab 10−20 foizgacha “soya”dan chiqargan.

Korxonalarning rasmiy tovar aylanmasi joriy yilda 42 foizga oʻsib, 737 trln soʻmni tashkil etgan. 26,8 ming kompaniyaning aylanmasi ikki barobarga koʻpayib, 189 trln soʻmga yetgan. Shu bilan birga, ilgari aylanmaga ega boʻlmagan 24,3 ming korxona 93,4 trln soʻmlik operatsiyalarni amalga oshirgan.

2025 yilning 9 oyida davlat byudjetiga 158,7 trln soʻm soliq tushumlari taʼminlangan — bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 23,8 trln soʻmga (18 foiz) koʻp. Uchinchi chorakda hududlardagi soliq tushumlari 30 foizga, yil boshidan buyon esa 27 foizga oʻsgan.

Hududlar kesimida Navoiy viloyatida soliq toʻlovlari 86 foizga, Fargʻona viloyatida 39 foizga, Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida esa qariyb uchdan bir qismga koʻpaygan.

Foyda soligʻi boʻyicha tushumlar 1,5 barobarga, qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) boʻyicha esa 28 foizga oshgan. Umumiy ovqatlanish sohasida QQS 44 foizga oʻsgan — bu qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xaridini elektron amalga oshirish va QQSni keshbek sifatida qaytarish instituti joriy etilishi bilan izohlanmoqda.

Yil boshidan oʻtgan yili umuman ishchi koʻrsatmagan 17,8 mingta korxona 96,1 mingta ishchisini hisobotida aks ettirgan. Shuningdek, 14,5 mingta korxonada ishchilari soni 2 va undan ortiq koʻpayib, 255 mingtani tashkil etgan.