Sentyabr oyida Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi yangi tarixiy rekord oʻrnatdi. Bu haqda Markaziy bank maʼlumotlarida keltirilgan.
1 oktyabr holatiga koʻra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati $54,99 mlrdni tashkil etdi — bu oʻtgan oyga nisbatan $4,9 mlrdga yoki 9,8% ga koʻp. Oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket ikkinchi oy mutlaq rekordni yangiladi — avgustda ularning hajmi birinchi marta $50 mlrddan oshgandi.
Markaziy bank zaxiralaridagi oltin narxi bir oyda $4,17 mlrdga oshib, birinchi marta $44,23 mlrddan ortiqni tashkil etdi, qiymat jihatidan ketma-ket uchinchi oy rekord yangilandi. Bu oltinning fizik hajmi 11,8 mln troya unsiyadan 11,6 mln troya unsiyagacha kamayganiga qaramay, qimmatbaho metall narxining sezilarli darajada oshishi hisobiga kuzatildi.
Oʻzbekistonning valyuta zaxiralari sezilarli darajada oshdi — $735,7 mln. Ularning hajmi oktabr oyi boshida $10,18 mlrddan ortiqni tashkil etdi. Boshqa mamlakatlarning markaziy banklari va Xalqaro valyuta jamgʻarmasidagi hisob raqamlaridagi valyuta zaxiralari miqdori $873,7 mln hamda xorijiy tijorat banklarida $8,28 mlrd boʻlgan.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qogʻozlar qiymati $3,5 mlnga oshib, qariyb $1,02 mlrdga yetdi. Mamlakat oltin-valyuta zaxiralarida aksiya va obligatsiyalarning ulushi atigi 1,85% ni tashkil etadi.

