Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Birinchi yarim yillikda Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarga yetdi

Bunda davlat tashqi qarzi 36,8 mlrd, korporativ tashqi qarz 35,4 mlrd dollarga teng boʻldi. Xorijdan pul oʻtkazmalari koʻpayishi natijasida joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi qisqardi.

Foto: “123rf.com”

Birinchi yarim yillik yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bankning mamlakat toʻlov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarziga bagʻishlangan hisobotida aytiladi.

Umumiy tashqi qarz hajmi olti oyda 8,1 mlrd dollarga koʻpayib, 72,2 mlrd dollarga yetdi. Shundan davlat tashqi qarzi 36,8 mlrd dollar (birinchi chorakda — 35,8 mlrd dollar), korporativ tashqi qarz 35,4 mlrd dollarni (32,6 mlrd dollar) tashkil qildi. Birinchi yarim yillikda tashqi qarz oʻsishi asosan korporativ tashqi qarzlar hisobiga roʻy berdi. Xususan, yil boshidan beri davlat tashqi qarzi 2,9 mlrd dollarga, korporativ tashqi qarzlar esa 5,2 mlrd dollarga koʻpaydi.

Maʼlumot oʻrnida, mamlakatning tashqi qarz davlat qarzi va xususiy (korporativ) qarzlardan iborat hisoblanadi. “Xususiy” sektorda qayd etilganlar orasida asosan davlat ulushdor boʻlgan kompaniyalar va banklar bor (davlat bank sektorining 68 foizga yaqin ulushiga egalik qiladi, shuningdek, 2019−2021 yillarda jami milliardlab dollarlik qarz qogʻozlarini muomalaga chiqargan UzAuto Motors va “Oʻzbekneftgaz”, Oʻzbekiston Milliy banki, “Oʻzsanoatqurilishbank” kabi tashkilotlar egasi yoki ulushdorlaridan biri hisoblanadi).

Eslatib oʻtamiz, 2024 yil davomida umumiy tashqi qarz 10,8 mlrd dollarga oshgandi. Bu statistika yuritila boshlangan 2013 yildan buyon eng yuqori oʻsish koʻrsatkichi hisoblanadi. Soʻnggi marta mamlakatning tashqi qarzi yuqori surʼatlarda pandemiya davridagi 2020 yilda (9,2 mlrd dollar) va 2023 yilda (9,8 mlrd dollar) koʻpaygandi.

Soʻnggi yillarda davlat tashqi qarzining oʻsish surʼati biroz pasaydi, biroq korporativ (xususiy) qarzlarning keskin oʻsishi kuzatilmoqda.