Joriy yilning iyul oyida, uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 26 mingtadan oshib, iyun oyiga nisbatan 25 foizga koʻpdir. Bu soʻnggi davrlarda kuzatilgan eng yirik oylik oʻsish koʻrsatkichlaridan biri hisoblanadi.

Hududiy dinamika
Iyul oyida Oʻzbekistonning barcha hududlarida uy-joy bozorida faollik oshgani kuzatildi.
Faollikning eng sezilarli oʻsishi Surxondaryo (41%), Sirdaryo (35,3%) va Qashqadaryo (33,7%) viloyatlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida uy-joy bozori faolligi 24,6%ga oʻsdi.

Ikkillamchi uy-joy bozori
Iyul oyida Oʻzbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joylarning oʻrtacha bozor qiymati oʻsish surʼati tezlashdi. Iyun oyida oʻrtacha 0,3% oʻsishdan soʻng, iyul oyida oʻsish 1,7%ni tashkil etdi. Yillik hisobda esa narxlar 3,3%ga oshdi.
Hududlar kesimida oʻtgan yilning iyul oyidan buyon uy-joy narxlarida sezilarli oʻsishi Jizzax (15,2%), Surxondaryo (14,1%) va Xorazm (9,6%) viloyatlarida kuzatildi.
Toshkent shahridagi koʻchmas mulk bozoridagi vaziyat
Iyul oyida Toshkent shahri koʻchmas mulk bozorida yillik pasayish tendensiyasi saqlangan holda, narxlarda oʻrtacha oʻsish qayd etildi.
Oy davomida ikkilamchi uy-joylarning oʻrtacha narxi 0,8%ga oshdi. Yillik hisobda oʻtgan yilning iyul oyiga nisbatan ikkilamchi uy-joy narxlari 3,2%ga, birlamchi uy-joylar narxi esa 0,9%ga pasaygan.
Ikkilamchi uy-joylarning eng katta pasayishi Mirzo Ulugʻbek (-8,2%), Yashnobod (-4,5%) va Yunusobod (-4,2%) tumanlarida kuzatildi.
Birlamchi uy-joy narxlarida eng sezilarli pasayishi Uchtepa (-8,8%), Yunusobod (-6,7%) va Shayxontohur (-4,7%) tumanlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida uy-joy ijara bozori

Iyul oyida Toshkent shahrida ijara narxlarida barqarorlik kuzatildi. Ijara narxi barqaror saqlanib, bir kvadrat metr uchun 8 dollarni tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun oʻrtacha 10,3 dollar.
Yillik hisobda Toshkent shahrida oʻrtacha ijara narxi 2,8%ga pasaydi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Yashnobod va Mirzo-Ulugʻbek tumanlarida qayd etildi.


