Toshkent shahrida ipoteka kreditlari uchun subsidiya miqdorini oshirish taklif etilmoqda. Bu haqda 23 sentyabr kuni boʻlib oʻtgan xalq deputatlari shahar kengashining navbatdagi yigʻilishida poytaxt hokimining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Xaydarov maʼlum qildi.
Joriy yilning 1 sentyabr holatiga koʻra, Toshkent shahrida subsidiya dasturi doirasida 15 978 nafar fuqarodan ariza kelib tushgan. Tuman komissiyalari tomonidan koʻrib chiqilgan arizalardan 2 479 tasi boʻyicha ijobiy xulosa berildi. Natijada, 388 nafar fuqaroga jami 11,64 mlrd soʻm miqdorida subsidiya mablagʻlari ajratildi.
Baxtiyor Xaydarovning soʻzlariga koʻra, 2016 yilgacha poytaxtda yiliga oʻrtacha 2,5−3 ming xonadon foydalanishga topshirilgan boʻlsa, 2016 yildan buyon bu koʻrsatkich yiliga 12−13 ming xonadonga yetgan. Joriy yilda esa bu raqamni 20 minggacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, u subsidiya dasturi doirasida Toshkent shahrida belgilangan imtiyozlar uy-joy narxlari yuqoriligi sababli aholining ehtiyojlarini toʻliq qoplamayotgani taʼkidladi.
“Subsidiya olishga murojaat qilgan aholining atigi oltidan bir qismiga mablagʻ berilgan xolos. Buning asosiy sababi, dastur doirasida Toshkent shahrida 440 mln soʻmgacha kredit va boshlangʻich toʻlov uchun 30 mln soʻm mablagʻ ajratiladi. Lekin 550−700 mln soʻm atrofidagi uy-joylarni sotib olish imkoniyati juda cheklangan. Toshkentda bunday narxdagi uylarni olish juda qiyin”, — dedi Xaydarov.
Uning taʼkidlashicha, xorijiy tajriba, jumladan Singapur va boshqa mamlakatlarda ipoteka subsidiyalari miqdori poytaxt hududlarida nisbatan yuqori belgilanadi, shuningdek, ularda muqobil uy-joy taʼminoti mexanizmlari joriy etilgan. Baxtiyor Xaydarov ushbu oʻrganishlar natijasida Toshkent shahar hokimligi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli takliflarni kiritayotganini maʼlum qildi.


