Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqildi

Unda qayd etilishicha, Oʻzbekistonda aholining 68 foizi, biznes vakillarining esa 60 foizi diniy eʼtiqodi sabab anʼanaviy bank xizmatidan foydalanishni xohlamaydi.

Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda baʼzi partiyalar fraksiyalari yigʻilishlarida maʼlum qilindi.

OʻzLiDeP fraksiyasining 15 sentyabr kungi yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Taʼkidlanishicha, islomiy moliyada savdo va sherikchilik orqali moliyalashtirish keng qoʻllaniladigan moliyalashtirish shakllari hisoblanadi, qonunchilikda esa tijorat banklari tomonidan bunday shakllardan foydalanilishiga bir qator toʻsiqlar mavjud.

Xususan, islomiy moliyalashtirishda banklar savdo bilan shugʻullanish orqali mijozni moliyaviy qoʻllab-quvvatlasa, Oʻzbekistonda tijorat banklari savdo bilan bevosita shugʻullanishi mumkin emas. Islomiy moliyada moliyalashtirishni sheriklik asosida amalga oshirishga ruxsat etilgan, Oʻzbekistonda esa tijorat banklariga yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav kapitallarida qatnashishga doir cheklovlar oʻrnatilgan.

Qonun loyihasi Oʻzbekistonda Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti hamda Islom moliyasi xizmatlari kengashi standartlariga mos keluvchi islomiy bank faoliyati uchun zarur huquqiy asos yaratishga qaratilgan.

“Ushbu Qonun Oʻzbekistonda islomiy banklar va islomiy «darcha”lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, “yashirin” iqtisodiyot ulushini kamaytirish, qolaversa mamlakatimizga islomiy bank faoliyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi», — deyiladi fraksiya xabarida.

Ushbu qonun loyihasi Milliy tiklanish fraksiyasi yigʻilishida ham muhokama qilingandi. Unda qayd etilganidek, BMT Taraqqiyot dasturi soʻrovnomasiga koʻra, Oʻzbekistonda aholining 68 foizi, biznes vakillarining esa 60 foizi diniy eʼtiqodi sabab anʼanaviy bank xizmatidan foydalanishni xohlamaydi.

Eslatib oʻtamiz, 2018 yilda Oʻzbekistonda islomiy bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratishga oid prezident qarori loyihasi ishlab chiqilib, muhokamaga qoʻyilgan edi. Hujjatda foizlar (ribo) koʻrinishidagi haq toʻlashni taqiqlash, foyda va zararni tadbirkor bilan loyihadagi ishtirok ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlash, sugʻurta faoliyatini amalga oshirish (takaful), lizing faoliyati (ijara), qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar (sukuk) va islomiy moliya tamoyillariga asoslangan boshqa operatsiyalar boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish koʻzda tutilgan edi.