Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Qaysi banklar mikroqarzlar taqdim etmoqda?

Kredit muddati uch oydan besh yilgacha, miqdori esa 1 mln soʻmdan 100 mln soʻmgacha boʻladi. Foiz stavkalari kreditning muddatiga qarab oʻzgaradi.

Foto: Nova 24

2025 yil avgust oyi holatiga koʻra, mavjud 35 ta bankdan 28 tasida mikroqarzlar berilmoqda. Ular minimal uch oydan maksimal besh yilgacha muddatga, 1 mln soʻmdan 100 mln soʻmgacha berilishi mumkin.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, avgust oyiga kelib, oʻrtacha foiz stavkasi 34,9% dan 36,3% gacha koʻtarilgan. Sakkizta bank muassasasi 40% va undan yuqori stavkada kredit taklif etmoqda. Bular qatoriga Anorbank, Apex Bank, Hamkorbank, Invest Finance Bank, Ipak Yoʻli Bank, Ipotekabank, TBC Bank va Yangi bank kiradi.

Kreditni ham onlayn, ham oflayn olish mumkin. Mobil ilova orqali rasmiylashtirishda mablagʻlar ariza beruvchining virtual hisobvaragʻiga yoki bank kartasiga oʻtkaziladi.

Kredit uchun garov sifatida quyidagilar qabul qilinadi:

  • uchinchi tomon kafolati;
  • sugʻurta polisi;
  • likvid garov — transport vositalari, koʻchmas mulk, zargarlik buyumlari.

Qarz oluvchiga qoʻyiladigan asosiy talablar — ijobiy kredit tarixi va hozirgi ish joyida kamida olti oy ish tajribasi.

Markaziy bank 2024 yil 1 noyabrdan kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish jarayonida bank kartalari bilan bogʻliq shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik tartibni joriy etdi.

Unga koʻra, ilova orqali ariza berishda biometrik identifikatsiyadan oʻtish kerak. Bu arizachining shaxsan oʻzi tomonidan berilganligini aniqlash imkonini beradi.

Agar qarzdorning qarzlari koʻp yoki muddati oʻtgan boʻlsa, bank kreditni rad etishi yoki uning miqdorini kamaytirishi mumkin.

Roʻyxat alifbo tartibida tuzilgan va banklarni tartiblamaydi. Maʼlumotlar bank veb-saytlaridan olingan.