Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda uy oldi-sotdisi naqdsiz shaklga oʻtkazilishi mumkin

“Endilikda toʻlovlarni qonuniy tarzda, bank aylanmasi orqali toʻlash tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Bunda savdo qoidalarini buzmagan holda ishlashni ragʻbatlantirish va qonuniy tartiblarga amal qilishni taʼminlash ham koʻzda tutilmoqda”, deydi Soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari.

Oʻzbekistonda koʻchmas mulk sotish va xarid qilish naqdsiz shaklga oʻtkazilishi kutilmoqda. Bu haqda Senat yigʻilishida Soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayev maʼlum qildi.

Mubin Mirzayevning aytishicha, mamlakatda xufiyona iqtisodiyot ulushi yuqoriligicha qolmoqda. Mazkur muammoga qarshi kurashish maqsadida qator vazirlik va idoralar hamkorligida prezident qarori tayyorlandi.

«Qarorda asosiy eʼtibor naqdsiz hisob-kitoblarni ragʻbatlantirishga qaratildi. Barcha vazirlik va idoralar bilan hujjatdagi normalar boʻyicha kelishdik va qarorni administratsiyaga taqdim etdik. Qaror ijro etilishi xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashishni tizimli yoʻlga qoʻyishga yordam beradi», dedi qoʻmita rasmiysi.

Mubin Mirzayev bergan maʼlumotga koʻra, qarorda naqdsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmi koʻchmas mulklar savdosidan boshlanadi.

«Koʻp davlatlar 2030 yilga borib naqdsiz hisob-kitoblar tizimiga oʻtishni maqsad qilgan. Biz ham eng yirik hisob-kitoblar tizimini naqdsiz shaklga oʻtkazmoqchimiz. Yaʼni buni koʻchmas mulkdan boshlaymiz. Bugungi kunda uy sotish va sotib olish koʻpincha naqd pulda amalga oshiriladi. Endilikda toʻlovlarni qonuniy tarzda, bank aylanmasi orqali toʻlash tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Bunda savdo qoidalarini buzmagan holda ishlashni ragʻbatlantirish va qonuniy tartiblarga amal qilishni taʼminlash ham koʻzda tutilmoqda», dedi idora vakili.

2024 yilda Oʻzbekistonda uylar narxlari asl (fundamental) qiymatidan 17 foiz yuqori ekani maʼlum qilingandi. Hisob-kitoblarga qaraganda, oʻtgan yili respublikada 329 mingta uy sotilgan. Bu koʻrsatkich 2023 yildagiga qaraganda 2,2 foiz kam. Mazkur pasayishga ipoteka olishdagi cheklovlar va bozordagi narxlarning qisman reallashuvi sabab boʻlgan. 2023 yil yakunida mamlakatda jami 7,5 millionta uy-joy boʻlgan. Bu aholining har 5 nafariga 1 ta uy toʻgʻri kelishini anglatadi.