Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda uy-joylar asl narxidan qimmatmi?

Markaziy bank 2024 yilga oid Moliyaviy barqarorlik koʻchmas mulk bozori qanday oʻzgarayotganini tahlil qildi. Qayd etilishicha, mamlakatda uy-joylar narxi oʻsishi toʻxtagan boʻlsada, qiymat hali ham yuqori.

Uylar asl narxidan qimmatligicha qolmoqda

2024 yilda Oʻzbekistonda uylar narxlari keskin oʻsmadi, lekin bozordagi narxlar hali ham uylarning asli (fundamental) qiymatidan 17 foiz yuqori. Oʻtgan yili uy narxlari yillik oʻsish surʼati 18,2 foizni tashkil etdi, biroq bu 2023 yildagidan 14,2 foizga kam.

Tahlil qilinishicha, banklarda ipoteka krediti berish shartlari qiyinlashgani va aholining real daromadiga mos narxlar shakllana boshlashi tufayli talab pasaygan.

Yil davomida ipoteka kreditlari qimmatlashib, foizlari oshdi. Qarzni toʻlash muddati qisqartirilgani hisobiga ipoteka kreditlari uchun xizmat koʻrsatish xarajatlari oʻsgan. Natijada oylik toʻlov qiymati koʻtarilib, odamlarda kreditga uy olish imkoni toraygan.

Yil davomida oʻrtacha ish haqi 17,8 foiz oʻsgan boʻlsa, ipoteka toʻlovlari miqdori 44 foizga koʻtarilgan. Buning taʼsirida odamlarning uy olish qobiliyati 27 foizga pasaygan.

Uy-joy sotib olish kamaydi

Oʻtgan yili respublikada jami 329 mingta uy sotilgan. Bu koʻrsatkich 2023 yildagiga qaraganda 2,2 foiz kam. Mazkur pasayishga ipoteka olishdagi cheklovlar va bozordagi narxlarning qisman reallashuvi sabab boʻlgan.

2023 yil yakunida Oʻzbekistonda jami 7,5 millionta uy-joy boʻlgan. Bu aholining har 5 nafariga 1 ta uy toʻgʻri kelishini anglatadi.

2025 yil 1 yanvar holatiga koʻra, banklardagi kreditlarning 13 foizi ipotekaga toʻgʻri kelgan. Markaziy bank sharhiga qaraganda, bu koʻrsatkich banklar uchun katta xatar yaratmaydi.

Ipoteka kreditlari bilan bogʻliq vaziyat

Oʻtgan yili aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari miqdori 17,1 trln soʻmni tashkil etdi. Shundan 92 foizi uy-joy sotib olishga sarflangan. Yil davomida ajratilgan ipoteka kreditlari soni 58,9 mingtani tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 14 foizga kamaygan.

«Mamlakatning mehnatga layoqatli yoshdagi doimiy aholisi tarkibida ipoteka krediti mavjud jismoniy shaxslar ulushining oʻsish surʼatida ham sekinlashish kuzatilgan. Jumladan, 2024 yil yakunida har mingta mehnatga layoqatli yoshdagi doimiy aholiga toʻgʻri keladigan ipoteka krediti oluvchilar soni 18 kishini tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 7 foizga oʻsgan. Shuningdek, 2024 yilda har mingta mehnatga layoqatli yoshdagi doimiy aholiga toʻgʻri keladigan ipoteka krediti oluvchilar sonining oʻsish surʼati 2023 yilga nisbatan 4 foiz bandga kamaygan», deya maʼlum qilgan Markaziy bank.

Oʻtgan yilda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlarining oʻrtacha miqdori 291 mln soʻmni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 18 foizga oshdi. Bunda uy-joy bozor narxlarining oʻsishi ajratilgan ipoteka kreditlari oʻrtacha miqdorining ortishiga taʼsir koʻrsatdi.

“Banklar tomonidan ipoteka krediti ajratish standartlari biroz qatʼiylashdi. 2024 yilda ajratilgan ipoteka kreditlarining oʻrtacha tortilgan soʻndirish muddati 16,6 yilni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 0,8 yilga qisqardi”, deya qayd etgan regulyator.

Hisob-kitoblarga qaraganda, 2024 yilda oʻrtacha tortilgan ipoteka krediti foiz stavkasi 0,5 foizga ortib, 19,8 foizni tashkil etgan.

Sharhlanishicha, banklar ipoteka berish talablarini qatʼiylashtirgani ikki tomonlama taʼsir qilmoqda. Bir tomondan, kredit olish va uni toʻlash qiyinlashgani uchun odamlar uchun uy olish imkoniyati kamaydi. Ikkinchi tomondan, shunday qatʼiy talablar banklar uchun xavfni (yaʼni odamlar kreditni toʻlamay qoʻyishi ehtimolini) kamaytiradi.