Prezident raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda har bir viloyat hokimiga 2023 yilda qurilishi kerak boʻlgan 5-10 mingta uy-joy rejasini tayyor qilib, bir oy muddatda yer uchastkalarini auksionga chiqarish vazifasi topshirildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, videoselektr yigʻilishida Prezident tomonidan mutasaddilarga bir oy muddatda qurilish sohasida 6 oygacha ishga qabul qilish boʻyicha soddalashgan mehnat shartnomalarini ishlab chiqib, 2023 yilda norasmiy sektordagi 100 ming aholini qonuniy faoliyatga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.
“Hokim yordamchilari bilan birgalikda har bir mahallada qurilish brigadalari tuzib, 50 ming aholini daromadli mehnat bilan taʼminlashga topshiriq berildi. Bunda, ularga mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratilishi taʼkidlandi”, — deyiladi xabarda.
Yigʻilish yakunida hudud va tarmoqlar rahbarlari yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish va yangi vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan Prezidentga hisobot berdi.


