Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Buxoroda davlatga 2,5 mlrd soʻm zarar yetkazgan mayning ferma aniqlandi

DXX va Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan Romitan tumanida 456 dona mayning qurilmalarini oʻrnatgan ferma aniqladi. Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish oqibatida ferma davlatga 2 mlrd 530 mln soʻm miqdorida zarar yetkazgani maʼlum boʻldi

Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida Romitan tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qoʻyildi.

Qayd etilishicha, kompyuter va boshqa texnik qurilmalarga xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan MCHJ rahbari mazkur tumanning choʻl hududida joylashgan boshqa bir MCHJ binosini hamda mahalliy fermer xoʻjaligiga qarashli dala shiyponini ijaraga olgan va ushbu binolarga mayning qurilmalari oʻrnatib, qonunga xilof ravishda yuqori kuchlanishli elektr tarmogʻiga ulangan.
Tekshiruv davomida jami 9 turdagi 456 dona mayning qurilmalari va boshqa butlovchi elektr jihozlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

“Oʻzenergoinspeksiya”ning Buxoro viloyat hududiy boʻlimi va Romitan tuman elektr tarmoqlari korxonasi xulosasiga koʻra, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish natijasida mayning ferma tomonidan davlatga 2 milliard 530 million soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.