Qozogʻiston Milliy iqtisodiyot vaziri Alibek Quantirov 2023-2027 yillarga moʻljallangan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozini maʼlum qildi. Bu haqda Kazinform xabar berdi.
“Prognoz 2021 yilda iqtisodiy oʻsish boʻyicha yakuniy maʼlumotlar, xalqaro moliya tashkilotlarining jahon iqtisodiyoti oʻsishi boʻyicha taxminlari va eksport tovarlari narxlarini hisobga olgan holda shakllantirildi. Xalqaro moliya tashkilotlarining konsensus prognozlariga koʻra, 2022 yilda 1 barrel neftning jahon narxi 104,2 dollarga yetishi kutilmoqda. 2023 yilda jahon iqtisodiyotining oʻsishi 3 foizni tashkil etadi”, — dedi Alibek Quantirov.
Unga koʻra, prognoz va byudjet parametrlarini shakllantirishda asosiy stsenariy asos qilib olingan. U neft narxini 85 dollar/barrel deb taxmin qilmoqda. YAIMning oʻrtacha yillik real oʻsishi 3,9 foizni tashkil etadi.
Inflyatsiya 2023 yilda 7,5-9,5 foiz, 2024 yilda 4-5 foiz, 2025-2027 yillarda 3-4 foiz darajasida belgilanadi.
“YAIMning real oʻsishi 2023 yildagi 4 foizdan 2027 yilda 4,2 foizgacha tezlashishi kutilmoqda. Nominal YAIM 120,7 trillion tengedan 176,6 trillion tengegacha oʻsadi. 2023 yilda neft qazib olish 92,6 million tonnani tashkil etadi, 2027 yilda esa 99,9 million tonnaga oshadi. Milliy bank prognozlariga koʻra, eksport 80,9 milliard dollardan 84,6 milliard dollarga, import 45,7 milliard dollardan 53,5 milliard dollargacha oshadi”, — deya qoʻshimcha qildi vazir.


