Meta rahbari Mark Sukerberg kompaniyaning 11 ming xodimini ommaviy ravishda ishdan boʻshatdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sayti xabar berdi.
“Men jamoamiz sonini taxminan 13% ga qisqartirishga va 11 mingdan ortiq iqtidorli xodimlarimizni ishdan boʻshatishga qaror qildim. Kuchli raqobat va reklama daromadlarining pasayib ketishi bizning daromadimizni men kutganimdan ham tushib ketishiga olib keldi”, — dedi Sukerberg.
Kompaniya bergan xabarga koʻra, ishsiz qolgan barcha xodimlarga 16 haftalik ish haqi, olti oy davomida ularning oilalari uchun tibbiy sugʻurta toʻlovi va ishdan boʻshatilgandan keyingi dastlabki uch oyda ishga joylashishda yordam berish vaʼda qilingan.
Qayd etilishicha, 2023 yilda kompaniya xarajatlarini kamaytiradi.
Avvalroq Meta yilning ikkinchi choragida virtual reallik uchun 2,8 mlrd dollar sarflagani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, kompaniya Mark Sukerberg nomi bilan virtual valyuta ishlab chiqqani xabar qilingan.


