Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Prezident tadbirkorlar uchun muhim qarorni imzoladi

Qaror bilan bir qator mahsulotlarga bojxona boji nol stavkada qoʻllaniladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning “Sanoat ishlab chiqarishida xomashyo uzluksizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha qulayliklarni yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimini yanada soddalashtirish, sanoat korxonalarining xomashyo taʼminotini yaxshilash maqsadida quyidagi choralar joriy etiladi:

• xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarga import bojxona boji 2025 yil 1 yanvarga qadar nol stavkada qoʻllaniladi;

• “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi doirasida barcha tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash talabi bekor qilinadi;

• Oʻzbekiston hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan, oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga texnologik asbob-uskunalar kiritiladi.

Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab asbob-uskunalar sotib olish (sotish) boʻyicha shartnomada ularni montaj va ishga tushirish-sozlash xizmatlari, xodimlarni oʻqitish xizmatlari va boshqa shu kabi xizmatlar qiymati alohida koʻrsatilmagan hollarda norezidentning soliq solinadigan daromadini ushbu xizmatlarning bozor qiymatidan kelib chiqib hisoblash hamda mazkur turdagi shartnomalar boʻyicha montaj va ishga tushirish-sozlash xizmatlari, xodimlarni oʻqitish xizmatlari va boshqa shu kabi xizmatlar koʻrsatganlik uchun norezidentning soliq solinadigan daromadini shartnoma obyekti qiymatining 20 foiziga teng deb hisoblashning amaldagi tartibi bekor qilinadi.

Qayd etilishicha, respublika hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga kiritilgan, biroq ishlab chiqarilganiga uch yildan koʻp boʻlgan ayrim texnologik asbob-uskunalar roʻyxatini faqat bojxona bojidan ozod qilish sharti bilan Hukumat komissiyasi tasdiqlashi mumkin.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi belgilandi.