Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Prezidentning tadbirkorlar uchun muhim qarori qabul qilindi

Qaror bilan ayrim tadbirkorlarga qarzdorlik va jarima qoʻllanilmaydi. Shuningdek, bir qator eksportchi korxonalarga 5 million AQSH dollargacha moliyaviy resurslar ajratiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning “Tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Telegramʼdagi “Nigoh” kanali xabar berdi.

Unga koʻra, xujjat bilan 2022 yil 1 noyabrdan boshlab:

  • bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati oʻtgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima qoʻllanilmaydi;
  • eksport qiluvchi tashkilotlarga foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha soliq solinadigan bazani kamaytirish koʻrinishidagi imtiyozlar tovarlarni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qatʼi nazar qoʻllaniladi;
  • qovun, kanakunjut, xantal va maxsar urugʻlari eksportiga ruxsat beriladi.

Taʼkidlanishicha, eksportchi korxonalarni ochiq tanlov orqali saralab, ularni yetakchi eksportyorlarga aylantirish hamda har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, “Yangi Oʻzbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi amalga oshiriladi.

Shuningdek, dasturga kiritilgan eksportchi korxonalar:

  • eksport va unga tenglashtirilgan operatsiyalarni amalga oshirganda nol darajali QQS stavkasi qoʻllanilishi natijasida hosil boʻlgan soliqning oshib ketgan qismi ularning murojaatiga asosan tezlashtirilgan tartibda 7 kun ichida toʻliq qaytarib berilishi;
  • aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun kredit olishida tijorat banklariga eksport shartnomalarini garov taʼminoti sifatida qabul qilish tavsiya etilishi;
  • eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan eksportoldi va eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalarini moliyalashtirishi uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda 1 million AQSH dollardan 5 million AQSH dollargacha miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratilishi;
  • bitta xalqaro standartni joriy qilish va sertifikatni olishi uchun ularga 30 ming AQSH dollardan koʻp boʻlmagan miqdorda moliyaviy yordam taqdim etilishi;
  • biznes jarayonlar, eksport hajmini oshirish va marketing tadqiqotlarini amalga oshirishi uchun xorijiy maslahatchilar jalb qilinishi belgilab qoʻyildi.