Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oziq-ovqat narxlari yuqori darajada oʻsishi taxmin qilindi

Maʼlumotlarga koʻra, kelgusi oʻn yillikda oziq-ovqat isteʼmoli surʼati uni ishlab chiqarish tezligidan tezroq oʻsadi

Foto: “pervoe.online”

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) maʼlumotlariga koʻra, jahonda oziq-ovqat narxlari mart oyidagi yuqori oʻsishdan soʻng, sentyabr oyida ketma-ket oltinchi oy pasaygan. Biroq bu koʻrsatkich oʻtgan yil bilan solishtirilganda yuqoriligicha qolmoqda.

FAO hisob-kitoblariga koʻra, sentyabr oyida oziq-ovqat narxlari indeksi oʻrtacha 136,3 punktni tashkil etdi, bu avgust oyiga nisbatan 1,1 foizga past. Indeksning pasayishi ketma-ket oltinchi oy davom etayotgan boʻlsada, biroq u 2021 yilning sentyabr oyidagi darajasidan 5,5 foizga yuqoriligicha qolmoqda.

Ukrainadagi voqealar fonida oziq-ovqat narxlari keskin koʻtarilib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 33,6 foizga va fevral oyiga nisbatan 12,6 foizga koʻtarilgandi.

Sentyabr oyida don, goʻsht, oʻsimlik yogʻi, shakar va sut mahsulotlari orasidan faqat don qimmatlashdi.

Ular uchun narxlar indeksi avgust oyiga kelib 1,5 foizga oshdi. Argentina va AQSHda yogʻingarchilikning yetishmasligi, Yevropa Ittifoqi davlatlarining jahon bozorlarida bugʻdoy sotib olishga qiziqishi ortishi sababli bugʻdoyning jahondagi narxlari sentyabr oyida 2,2 foizga oshdi. Shuningdek, eksportdagi cheklovlar tufayli guruch narxlari indeksi sentyabr oyida 2,2 foizga koʻtarildi.

Qolgan toʻrt toifadagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi biroz pasaydi. Oʻsimlik yogʻi narxi avgust oyiga nisbatan 6,6 foizga arzonlab, 2021 yil fevralidan beri eng past darajaga tushdi. Shakar narxlari indeksi 0,7 foiz kamayib, 2021 yil iyulidan beri eng past koʻrsatkichni qayd etdi.

Yevroning dollarga nisbatan qadrsizlanishi sut mahsulotlarini 0,6 foizga arzonlashiga sababchi boʻldi. Shuningdek, goʻsht narxlari indeksi 0,5 foizga tushdi.

Xabarda keltirilishicha, sut va goʻsht indekslarining pasayishiga qaramay, 2021 yilgi koʻrsatkichlar bilan solishtirilganda narxlar yuqoriligicha qolmoqda. Yillik koʻrsatkichda mos ravishda 20,7 foiz va 7,7 foizni tashkil etgan.

Mutaxassislarning fikricha, keyingi oʻn yillikda oziq-ovqat isteʼmoli darajasi uni ishlab chiqarish surʼatidan tezroq oʻsadi. Natijada oziq-ovqat taqchilligi oziq-ovqat narxini yuqori darajada ushlab turadi. Qayd etilishicha, 2022-2031 yillarda jahon qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi har yili 1,1 foizga, isteʼmol hajmi esa 1,4 foizga (birinchi navbatda aholi sonining oʻsishi hisobiga) oʻsadi.