Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Qozogʻiston bugʻdoy va un eksportini cheklab qoʻydi

Choralar ikki hafta ichida kuchga kiradi va 2022 yil 15 iyungacha amal qiladi.

Qozogʻiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi bugʻdoy va un eksporti uchun kvotalar joriy qildi. Choralar ikki hafta ichida kuchga kiradi va 2022 yil 15 iyungacha amal qiladi.

Qozogʻiston bugʻdoyining asosiy bozorlari Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Tojikiston va Qirgʻiziston (umumiy bugʻdoy importining 90 foizi) hisoblanadi. 

“Yuqoridagi farmoyish kuchga kirganidan soʻng 2022 yil 15 iyunga qadar bugʻdoy va un eksporti qatʼiy ravishda tasdiqlangan kvotalar doirasida amalga oshiriladi: bugʻdoy va meslin uchun — 1 million tonna; bugʻdoy yoki bugʻdoy-javdar uni uchun — 300 ming tonna”, — deyiladi Qozogʻiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi bayonotida.

Shu bilan birga, eksportchilar ushbu hajmning 10 foizini Qozogʻistonda gʻalla zaxirasini saqlash bilan shugʻullanuvchi Oziq-ovqat korporatsiyasiga yetkazib berishi kerak boʻladi.

Mart oyi oʻrtalarida Rossiya Qozogʻistonni oʻz ichiga olgan YEOII mamlakatlariga eksportga vaqtinchalik (30 iyungacha) taqiq joriy qildi. Shu bilan birga, Qozogʻiston don ittifoqi vakili Yevgeniy Karabanovning soʻzlariga koʻra, Rossiya gʻallasi mamlakatda ishlab chiqarilganidan arzonroq.

Taʼsir

Yevropa yetakchilari bir necha bor Rossiya-Ukraina mojarosi fonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oziq-ovqat inqirozi haqida ogohlantirgan, chunki Ukraina va Rossiya eng yirik don eksportchilari hisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti tahliliga koʻra, mart oyida bugʻdoyning oʻrtacha narxi 19,7 foizga, makkajoʻxori narxi 19,1 foizga, umuman don mahsulotlari narxi 17,1 foizga oshgan.

Davlat statistika qoʻmitasi bergan maʼlumotlarga koʻra, Qozogʻistondan Oʻzbekistonga 2022 yilning yanvar-fevral oylarida qiymati 113,1 million dollarga teng boʻlgan 436 ming tonna bugʻdoy import qilingan. Shuningdek, qoʻshni davlatdan Oʻzbekistonga qiymati 15,9 million dollarga teng boʻlgan 51,3 ming tonna bugʻdoy uni olib kelingan.