Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Ekologiya va madaniyat sohasidagi huquqbuzarlik haqida xabar berganlik uchun pul toʻlanadi

 Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 8 apreldan kuchga kirdi.

Foto: Kommers.uz

Ekologiya va madaniyat sohasidagi huquqbuzarlik haqida xabar berganlik uchun qancha pul mukofoti berilishi maʼlum boʻldi. Vazirlar Mahkamasining “Davlat ekologik nazorati hamda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Pul mukofoti moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar aks ettirilgan fotosuratlar yoki videoyozuvlarni yuborgan shaxslarga beriladi. Har bir tasdiqlangan holat boʻyicha huquqbuzardan undirilgan mablagʻlar hisobidan unga BHMning 1 baravariga (270 ming soʻm) teng miqdordagi summa toʻlanadi.

Qaror bilan Nizom tasdiqlandi, unga asosan ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik boʻyicha foto va video materiallar “Ekonazorat” axborot tizimi orqali Davlat ekologiya qoʻmitasiga yuborilishi kerak.

Moddiy madaniy meros obyektlariga boʻlgan huquqlar buzilishi haqidagi foto yoki video materiallar “Madaniy meros nazorati” axborot tizimi orqali Madaniy meros agentligiga yuborilishi kerak.

Materialda quyidagilar aniq koʻrsatilgan boʻlishi kerak:

  • sodir etilgan huquqbuzarlik;
  • huquqbuzarlik sodir etgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
  • madaniy meros obyektining nomi (tegishli huquqbuzarlik boʻyicha);
  • huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, sana va vaqt.

Foto va video materiallarga har qanday tarzda oʻzgartirishlar kiritish taqiqlanadi.

Kelib tushgan foto va video materiallar 15 ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi va huquqbuzarning shaxsini aniqlash maqsadida Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi. IIV materiallarni koʻrib chiqadi, huquqbuzarning shaxsini aniqlaydi va 10 ish kuni mobaynida tegishliligi boʻyicha Davlat ekologiya qoʻmitasi yoki Madaniy meros agentligiga yuboradi.

Quyidagi huquqbuzarliklar aks ettirilgan foto va video materiallarni yuborgan shaxslarga pul mukofoti miqdori:

  • daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish boʻyicha — BHMning 1 baravari (270 ming soʻm) miqdorida;
  • ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi boshqa huquqbuzarlik boʻyicha — huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining 15 foizi miqdorida;
  • moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida huquqbuzarlik boʻyicha — BHMning 1 baravari (270 ming soʻm) miqdorida.

 Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 8 apreldan kuchga kirdi.

Avvalroq Oʻzbekistonda moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar berganlarga mukofot puli toʻlanishi haqida xabar berilgandi.