Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Oʻzbekistonda ayrim shaxslar uchun daromad soligʻi pasaytirildi

Xorijiy davlatlar fuqarolari uchun daromad soligʻi 20 foizdan 12 foizga tushirildi.

Oʻzbekistonda xorijiy davlatlar fuqarolari uchun daromad soligʻi 20 foizdan 12 foizga tushirildi. Prezidentning “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, Moliya vazirligining 2022 yil 1 maydan boshlab norezident jismoniy shaxsning Oʻzbekistondagi manbalardan oladigan daromadlari (dividendlar, foizlar va fraxtdan olinadigan daromadlardan tashqari) boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkasini 12 foiz miqdorida belgilash haqidagi taklifi maʼqullandi.

Taʼkidlanishicha, Moliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Soliq kodeksiga mazkur banddan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Shuningdek, 2022 yil yakuniga qadar Oʻzbekiston rezidentlari yoki norezidentlari boʻlgan mijozlar uchun ularning shaxsiy ishtirokisiz qimmatli qogʻozlar uchun depo hisobvaraqlarini masofadan turib ochish imkoniyati yaratiladi.

Avvalroq yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq 2 foizdan 1,5 foizga, qurilishi normativ muddatda tugallanmagan obyektlarga nisbatan 4 foizdan 3 foizga kamaytirilgandi. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar mulkida boʻlgan mol-mulk esa soliq solishdan ozod etilishi maʼlum qilingan.