Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

“Bu borada xalqimizda ortiqcha xavotir boʻlmasligi kerak” — Prezident valyuta bozoridagi holat haqida

Shavkat Mirziyoyev valyuta bozorini barqarorlashtirish borasida koʻrilayotgan choralarni qayd etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatdan kelib chiqib hudud va tarmoqlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishida valyuta bozorini barqarorlashtirish borasida koʻrilayotgan choralarni qayd etdi.

Maʼlum qilinishicha, valyuta bozori va ayirboshlash kursi barqarorlashdi, birjada rubl va yuan boʻyicha savdolar boshlandi.

“Bu borada xalqimizda ortiqcha xavotir yoki bezovtalik boʻlmasligi kerak. Valyuta bozorida keskin tebranishlarning oldini olish uchun zaxiralarimiz yetarli”, — dedi Prezident.

Qayd etilishicha, Markaziy bankka puxta oʻylangan, ogʻir va vazmin valyuta va monetar siyosatni olib borishni davom ettirish topshirildi.

Markaziy bankning viloyatlardagi rahbarlari tadbirkorlar bilan har kuni uchrashib, ularga valyuta bozoridagi vaziyatni, eksport-import hisob-kitoblarini amalga oshirish va yangi kredit mexanizmlarini tushuntirib boradi.

Shuningdek, xalqaro ekspertlar jahon iqtisodiyotidagi hozirgi murakkab vaziyat uzoq davom etishini prognoz qilmoqda. Masalan, soʻnggi bir oyda jahon bozorlarida bugʻdoy narxi 36 foizga, shakar xom ashyosi 10 foizga, oʻsimlik yogʻi narxi 2 baravarga oshgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Markaziy bankka valyuta bozoridagi noaniq vaziyat boʻyicha koʻrsatma bergani xabar qilingandi. Shuningdek, Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari deyarli 1 milliard dollarga oʻsgani haqida xabar berildi.