Oʻzbekistonda mulkdor buzilgan va berilgan uy-joyning bozor qiymati oʻrtasidagi farqni toʻlamaydi. Bu haqda Norma xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Prezident tomonidan 2022 yil 14 martdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun imzolandi.
Qayd etilishicha, Uy-joy kodeksining 27-moddasiga ham oʻzgartirishlar kiritildi. Unga koʻra, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati va buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati oʻrtasidagi farq mulkdor tomonidan qaytarilishi talab etilmaydi.
Ilgari, bu farq uy-joy berilgan yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquq berilgan paytdan eʼtiboran besh yil ichida mulkdor tomonidan kompensatsiya qilinishi lozim edi.
Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi “a” bandiga, Jinoyat-protsessual kodeksining 429-moddasi 2-qismiga hamda boshqa ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, pasportlar bilan birga ID-kartalar ham qabul qilinadi.
Shu bilan birga, Oila kodeksiga doimiy yashab turgan joyi boʻyicha oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Oʻzgartirishlarga koʻra, “yashab turgan joydagi” degan soʻzlar oʻrniga “doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joydagi” degan soʻzlar qoʻllaniladi. Bundan tashqari, quyidagilar oʻzgartirildi:
- 225-moddaga koʻra, endi oʻlimni qayd etish uchun FHDYO organiga marhumning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talab qilinmaydi;
- 228-moddaning 4-qismiga koʻra, Oʻzbekiston hududidan tashqarida tuzilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlariga tuzatishlar kiritish haqidagi arizalarni koʻrib chiqish ariza beruvchining arizasida koʻrsatilgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Oldingi tahririda, yuqorida koʻrsatilgan dalolatnomalar ariza beruvchining yashash joyidagi FHDYO organida koʻrib chiqilar edi.
Soliq kodeksining 126-moddasiga qoʻshimchalar kiritildi. Ularga koʻra, jismoniy shaxslarni soliq organlarida soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyish ularga vakolatli organ tomonidan identifikatsiyalovchi ID-kartalarni yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi. Bunda soliq toʻlovchi hisobga qoʻyilganligini tasdiqlovchi alohida hujjat berilmaydi.
Oʻzbekistonning yuridik shaxsini davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida u bir vaqtning oʻzida soliq organlarida va davlat statistika organlarida hisobga qoʻyilgan holda berilgan davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma soliq toʻlovchining hisobga qoʻyilganligini tasdiqlovchi hujjatdir.
Chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan chet el yuridik shaxslariga (shu jumladan kompaniyalar va boshqa korporativ tuzilmalarga) berilgan soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami toʻgʻrisidagi guvohnoma soliq toʻlovchining roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatdir.
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirishlar kiritildi va ularga koʻra, Oʻzbekiston fuqarolari davlat bojini toʻlashdan quyidagi hollarda ozod qilinadi:
- Oʻzbekiston fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini voyaga yetmagan shaxsga, shuningdek unga hamrohlik qiluvchi shaxsga xorijiy davlatda ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatilganda yoki jarrohlik amaliyoti oʻtkazilganda;
- voyaga yetmagan shaxs ilm-fan, taʼlim, sport yoki madaniyat sohalaridan biridagi xalqaro tadbirda yoki musobaqada ishtirok etganda;
- ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan shaxsga, shuningdek unga hamrohlik qiluvchi shaxsga xorijiy davlatda ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatilganda yoki jarrohlik amaliyoti oʻtkazilganda berganlik uchun.
Bundan tashqari, yetim bolaga yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolaga identifikatsiyalovchi ID-kartasini berganlik uchun davlat boji undirilmaydi.
Shuningdek boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritildi. Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 14 martdan kuchga kirdi.
Avvalroq Oʻzbekistonda ayrim shaxslarga xorijga chiqish pasporti berganlik uchun davlat boji undirilmasligi xabar qilingandi.


