Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Rossiyani ihotalash yoʻlida: Germaniya va Qatar gaz boʻyicha uzoq muddatli hamkorlikka kelishib oldi

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiyadan energiya yetkazib berishni taqiqlashga qarshi chiqqan.

Robert Xabek (Foto: Bernd von Jutrczenka / dpa / Global Look Press)

Germaniya bosh vaziri oʻrinbosari va iqtisodiyot vaziri Robert Xabek Qatar bilan suyultirilgan gaz yetkazib berishni nazarda tutuvchi energetika sohasi boʻyicha hamkorlikka kelishib oldi. Bu haqda Die Welt xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Habek Qatar amiri bilan Dohada boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida uzoq muddatli energiya hamkorlik boʻyicha kelishib olgan.

Vazirning taʼkidlashicha, endi kompaniyalar suyultirilgan gaz yetkazib berish boʻyicha aniq shartnomalar tuzishi kerak. Yigʻilishda RWE, E.ON va Uniper kabi konsernlar vakillari ishtirok etdi.

Iqtisodiyot vazirligi rahbari avvalroq Germaniya kuzgacha Rossiya koʻmiridan, 2022 yil oxiriga kelib esa Rossiya neftidan deyarli mustaqil boʻlish niyatida ekanini maʼlum qilgan edi.

Vazir hozirda Germaniyaning asosiy maqsadi mamlakatda suyultirilgan gaz terminallarini qurish ekanini, Berlin esa Norvegiya, AQSH, Kanada va Qatar bilan gaz yetkazib berish boʻyicha muzokaralar olib borayotganini taʼkidladi.

Bungacha Yevrokomissiya yetakchisi Ursula fon der Lyayen Rossiya energiya tashuvchilarni jadal rad etish rejasi tayyorlanayotganini maʼlum qilgan edi.

“May oyi oxirigacha biz 2027 yilgacha Rossiya gazi, nefti va koʻmiriga qaramlikdan bosqichma-bosqich voz kechishni taklif qilamiz. Bu zarur milliy va Yevropa resurslari tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi”, — dedi u.

Biroq Yevropaning ayrim yetakchilari, jumladan Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiyadan energiya yetkazib berishni taqiqlashga qarshi chiqdi.