Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

“Yagona rubl hududi”: YEOII mamlakatlari milliy valyutadagi hisob-kitoblar boʻyicha kelishib oldi

Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri yagona rubl hududini shakllantirish boshlanganini maʼlum qildi.

Foto: “rupec.ru”

Rossiya va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlar (Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston) milliy valyutadagi hisob-kitoblarga bosqichma-bosqich oʻtish boʻyicha kelishib oldi. Bu haqda YEOII Kengashi yigʻilishidan soʻng Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi rahbari Maksim Reshetnikov maʼlum qildi.

“Muhokama qilingan eng muhim masala — rublda oʻzaro hisob-kitoblarni yuritish boʻldi. Boshqacha qilib aytganda, har bir mamlakat oladigan majburiyatlar keyinchalik Ittifoq shartnomasi bilan belgilanadigan maʼlum bir nisbatda boʻlinadi va shunga muvofiq tegishli mamlakatlarning byudjetlariga tushadi. Ilgari bularning barchasi chet el valyutasidan foydalangan holda amalga oshirilgan, hozirgi paytda biz milliy valyutadagi hisob-kitoblarga bosqichma-bosqich oʻtish toʻgʻrisida kelishib oldik”, — dedi Reshetnikov.

Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya uchun mamlakat oladigan “majburiyatlarning asosiy qismi” rublda hisoblanishi muhimdir.

“Bu bilan biz yagona rubl maydonini shakllantira boshladik”, — dedi vazir.

Maʼlumotlarga koʻra, Rossiya uchun YEOII mamlakatlari bilan savdo mamlakatlar umumiy savdosining deyarli 15 foizini tashkil etadi va savdo hajmi yil sayin oʻsib bormoqda. 2020 yilga nisbatan u uchdan bir qismga oʻsgan va 2019 yilga nisbatan — 17 foizga oʻsgan.

“Ushbu qiyin sharoitlarda bizning ittifoqning yagona, birinchi navbatda savdo maydonini saqlab qolishimiz biz uchun juda muhimdir. Ushbu davrda, turli mamlakatlar — birinchi navbatda Rossiya, Belarus — sanksiyalar bosimi, logistika muammolari, import cheklovlariga duch kelganida, ushbu masalalarni sinxronlashtirish juda muhim yedi”, — dedi iqtisodiy rivojlanish vaziri.

Avvalroq Yaponiya, Avstraliya va Yangi Zelandiya Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritgani xabar qilingandi. Shuningdek, Rossiya uchun defolt tahdidi nimani anglatishi haqida xabar berildi.