Navoiy viloyatining AT “Xalq banki” Nurota filialida bosh mutaxassis lavozimida ishlagan X.F. 102 mln soʻmni “yeb ketgani” maʼlum boʻldi. Bu haqda “OʻzA” xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, u bosh mutaxassis vazifasida ishlab, yaqin qarindoshlari nomiga firibgarlik yoʻli bilan bankdan kredit olishga asos boʻladigan tegishli hujjatlarga imzo qoʻydirib olgan. Soʻng qariyb 92 million 452 ming soʻm kredit mablagʻi evaziga olingan mahsulotlarni sotib yuborgan va pullarni oʻz ehtiyoji uchun ishlatgan.
Qayd etilishicha, X.F. kredit mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritish bilan qanoatlanmagan. AT “Xalq banki” Nurota filialiga kredit toʻlovlarini toʻlash uchun kelgan fuqaro N.J.dan 10 million soʻm pul mablagʻini kredit qarzdorligini toʻlab qoʻyishini bildirib, olib qolgan. Ammo “bankir” ushbu pul mablagʻini kassaga kirim qilmasdan “yeb yuborgan”.
“X.F.ga nisbatan tergov organlari tomonidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Navbahor tuman sudida koʻrib chiqilib, Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismining ʻbʻ bandi va 228-moddasi 2-qismining «a” bandida qayd qilingan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
X.F. tomonidan yetkazilgan zarar toʻliq qoplangani eʼtiborga olinib, 1 yil muddatga bank tizimida ishlash huquqidan mahrum qilish va ish haqining 15 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda, 2 yil 6 oyga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi», — deydi jinoyat ishlari boʻyicha Navbahor tuman sudi raisi Avazjon Ibodov.
Avvalroq “Xalq banki”ning Andijon filiali xodimlari 4,6 milliard soʻmni oʻzlashtirib yuborgani haqida xabar berilgandi.


