Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2021 yil 7,4 foizga oʻsdi. Bu haqda Moliya vazirligining 2021 yakuni boʻyicha makroiqtisodiy koʻrsatkichlar sharhida maʼlum qilindi.
Xabarga koʻra, global miqyosda davom etayotgan pandemiya hamda iqtisodiy vaziyat bilan bogʻliq mavhumliklar saqlanib qolayotgan sharoitida Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻz vaqtida muvofiqlashtirilgan fiskal va monetar siyosat natijasida 7,4 foiz oʻsishni qayd etib, jadal ravishda tiklanishda davom etgan.
Shuningdek, 2021 yil yakunlari boʻyicha eʼlon qilingan Jahon banki hisobotiga koʻra, Oʻzbekistonning yirik iqtisodiy hamkor davlatlarining iqtisodiyotlarida oʻsish qayd etilgan.
Xususan, Rossiyaning iqtisodiyoti 2020 yilda 3,0 foizga qisqarganidan soʻng, 2021 yilda 4,3 foizga oʻsganligi hisoblangan. Xalqaro valyuta jamgʻarmasining yanvardagi hisoboti boʻyicha ushbu koʻrsatkich 4,5 foizga yetgan.
Shu bilan birga, Xitoy iqtisodiyoti 2020 yilda 2,2 foizga sekinlashgandan soʻng, 2021 yilda, Jahon bankiga koʻra 8,0 foizga va Xalqaro valyuta jamgʻarmasiga koʻra 8,1 foizga oʻsgan. Bundan tashqari, Jahon bankiga koʻra, 2021 yilda Qozogʻiston iqtisodiyoti 3,5 foizga va Turkiya iqtisodiyoti 9,5 foizga oʻsganligi qayd etilgan.
Avvalroq Oʻzbekiston erkin iqtisodiyot indeksi boʻyicha “Erkin savdo” koʻrsatkichida oʻz oʻrnini rekord darajada yaxshilagani xabar qilingandi. Shuningdek, Oʻzbekiston banklarining pul bozoridagi faolligi bir yil oldingi koʻrsatkichdan tushib ketgani haqida xabar berildi.


