Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Shavkat Mirziyoyev ayrim davlatlardagi vaziyat sabab ehtimoliy oqibatlarni yumshatish boʻyicha topshiriq berdi

Tarmoq va hududlar rahbarlari oldiga transport-logistika tarmogʻining ishonchli faoliyatini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻradi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasiga ayrim davlatlardagi vaziyat sabab yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish boʻyicha topshiriq berdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlat rahbari Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkorlari boʻlgan ayrim mamlakatlarda yuzaga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda, vujudga kelishi mumkin boʻlgan barcha salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish boʻyicha respublikaning har bir tarmogʻi va hududi kesimida aniq chora-tadbirlarning batafsil rejasini ishlab chiqishga topshiriq berdi.

Moliya tizimining barqarorligi, korxonalarning uzluksiz ishlashi va rejalashtirilgan investitsiya loyihalari oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash vazifalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tarmoq va hududlar rahbarlari oldiga transport-logistika tarmogʻining ishonchli faoliyatini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish, bunda eksport geografiyasi yanada diversifikatsiya qilinishini ham hisobga olish vazifasi qoʻyildi.

Viloyatlar hokimlariga aholini ijtimoiy himoya qilish ishlarini kuchaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va ishsiz aholi bandligini taʼminlashni jadallashtirish, shuningdek, inflyatsiya darajasini doimiy monitoring qilish va isteʼmol bozorida narxlarning keskin tebranishlariga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha avvaldan chora koʻrish zarurligi alohida koʻrsatib oʻtildi.