Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani yillik 9,5 foizdan birdaniga 20 foizga koʻtardi

Oxirgi marta Rossiya 2014 yilda yillik asosiy stavkani 17 foizgacha koʻtargandi.

Foto: RBK

Markaziy bankning depozitlar boʻyicha foiz stavkalari darajasini va kreditlar qiymatini belgilovchi asosiy stavkasining qiymati rejadan tashqari ikki baravardan koʻproqqa — 9,5 foizdan 20 foizga oshdi. Bu Rossiya tarixidagi mutlaq rekord koʻrsatkichdir.

Qayd etilishicha, Rossiya banki direktorlar kengashi 2022 yil 28 fevraldan asosiy stavkani yillik 9,5 foizdan 20 foizga oshirishga qaror qilgan. Markaziy bankning ushbu qarori Rossiya iqtisodiyoti uchun tashqi sharoitdagi kardinal oʻzgarishlar bilan izohlangan.

Markaziy bankning tushuntirishicha, asosiy stavkaning keskin oshishi Rossiya banklaridagi depozitlar boʻyicha foiz stavkalarining bir xil darajada jiddiy oʻsishiga olib keladi, bu esa omonatchilarga “devalvatsiya va inflyatsiya xavfi ortishi” uchun kompensatsiya berishi kerak.

“Bu moliyaviy va narxlar barqarorligini saqlashga, fuqarolarning jamgʻarmalarini qadrsizlanishdan himoya qilishga yordam beradi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Regulyator navbatdan tashqari yigʻilish chogʻida, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti va Rossiyaning yirik banklari hamda Markaziy bankiga qarshi sanksiyalar joriy etilishi tufayli bozorlardagi inqiroz fonida shunday qaror qabul qilgan.

Odatdagidek, stavka yigʻilishi 18 mart kuni boʻlib oʻtishi kerak edi. Oxirgi marta Markaziy bank 2014 yilning dekabrida stavka boʻyicha favqulodda qaror qabul qilgan edi. Oʻshanda yarim tundan keyin rubl qulashi fonida stavkaning 10,5 dan 17 foizga oshishini eʼlon qilgan edi. 20 foiz asosiy stavkaning yangi qiymati Rossiya tarixidagi mutlaq rekorddir.

Avvalroq rubl xalqaro savdolarda tarixiy eng past darajaga tushib ketgani xabar qilingandi.