Polsha rossiyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlik qilmaydi. Bu haqda Polsha investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH) matbuot xizmati xabar berdi.
Polsha investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH) mamlakatdagi Rossiya sarmoyalari va investorlariga xizmat koʻrsatishni toʻxtatdi. Bu qaror Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanishi munosabati bilan qabul qilingan.
“Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi munosabati bilan PAIH Polshada faoliyat yuritayotgan rus sarmoyalari va investorlariga xizmat koʻrsatishni toʻxtatmoqda”, deyiladi agentlikning Twitterʻdagi sahifasida eʼlon qilingan bayonotida.
Tashkilotning hamkorlik va aloqa departamenti direktori Marchin Grachikning Polsha matbuot agentligiga aytishicha, Minsk va Moskvadagi PAIH ofislari ochiqligicha qolmoqda.
“Yordamga muhtoj boʻlishi mumkin boʻlgan polshalik tadbirkorlarning xavfsizligini hisobga olgan holda, biz hozircha bu idoralarni yopishni rejalashtirmayapmiz”, — degan Grachik.
Uning qoʻshimcha qilishicha, Kiyevdagi PAIH savdo ofisi “masofadan ishlamoqda”.
Polsha investitsiyalar va savdo agentligi Polsha taraqqiyot fondi guruhiga kiradi. U Polshaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlaydi va Polsha sarmoyalarini mamlakatga joylashtirish bilan shugʻullanadi.
Bundan oldin qator xorijiy kompaniyalar Rossiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan edi. Buyuk Britaniya, Kanada, AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Yevropa Ittifoqi davlatlari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Cheklovlar Rossiyaning yetakchi banklari, “Aeroflot” aviakompaniyalari, Rossiya temir yoʻllari uchun joriy etildi. Bundan tashqari, AQSH va Buyuk Britaniya Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy qilgan. Ularning xorijiy pul hisoblari ham bloklangan.
Avvalroq Polsha Rossiya aviakompaniyalari uchun oʻz havo hududini yopishi xabar qilingandi. Shuningdek, “Formula-1” Rossiya Gran-prisini bekor qilgani haqida xabar berildi.


