Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

“Formula-1” Rossiya Gran-prisini bekor qildi

Poygalar 2014 yildan beri Sochi shahrida oʻtkazib kelinayotgandi.

Foto: “RBK”

“Formula-1” Rossiya Gran-prisini bekor qildi. Bu haqda “Kommersantʼ” xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Sochida boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan “Formula-1” poygasi boʻyicha jahon chempionatining Rossiya bosqichi bekor qilingan. Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) bu qarorini Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti bilan izohlagan.

“FIA ʻFormula-1ʻ jahon chempionati odamlarni birlashtirish, xalqlarni birlashtirishdek ijobiy nuqtai nazar bilan butun dunyo mamlakatlariga tashrif buyuradi. Biz Ukrainadagi voqealarni qaygʻu va hayrat bilan kuzatib boramiz hamda mavjud vaziyatning tezroq va tinch yoʻl bilan hal qilinishini kutamiz.

24 fevral kuni kechqurun ʻFormula-1ʻ, FIA va jamoalar sportimiz pozitsiyasini muhokama qildi va barcha manfaatdor tomonlarning fikrini oʻz ichiga olgan holda, Rossiya Gran-prisini hozirgi sharoitda oʻtkazish mumkin emas degan xulosaga keldi”, deyiladi bayonotda.

“Formula-1”ning Rossiya bosqichi Sochida 2014 yildan beri Olimpiya bogʻiga yotqizilgan yoʻlda oʻtkazib kelinmoqda. 2021 yilda turnir 24–26 sentyabr kunlari boʻlib oʻtdi. 2023 yildan boshlab poygalar Sankt-Peterburg yaqinidagi “Igora Drayv” trassasida oʻtkazilishi taxmin qilingan edi.

Ukrainaga qoʻshin kiritilishi sababli Gʻarb davlatlarining sanksiyalari ostida qolgan Rossiya banki “VTB” 2017 yildan beri “Formula-1”ning titul homiysi hisoblanadi. Bungacha bir qator sport musobaqalari Rossiyadan koʻchirilgandi.

Jumladan, UEFA Chempionlar ligasining final oʻyini Sankt-Peterburgdan Parijga koʻchirilgan. Shuningdek, oʻq va yoydan otish boʻyicha Yevropa chempionati Rossiyadan qoldirilgandi. Bundan tashqari, Professional tennischilar uyushmasi turniri Sankt-Peterburgdan Nur-Sultonga koʻchirilgan.

Avvalroq Ukraina bosh vazir oʻrinbosari Ilon Maskdan mamlakatni internet bilan taʼminlashda yordam soʻragani xabar qilingandi. Shuningdek, Britaniya ortidan Estoniya va Latviya ham Rossiya aviakompaniyalari uchun havo hududini yopishga qaror qilgani haqida xabar berildi.